Aksiyalari qiymati rekord darajada o‘sgan Nvidia kompaniyasi Apple o‘rniga dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi, deb xabar beradi Reuters. Nvidia’ning sun’iy intellektga ixtisoslashgan chiplariga bo‘lgan talab ortib ketgan.
LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, Nvidia aksiyalarining bozor qiymati qisqa vaqt ichida 3,53 trillion dollarga yetgan, bu Appleʼnikidan biroz yuqori — uning qiymati 3,52 trillion dollarga baholanmoqda.
Iyun oyida ham Nvidia Microsoft va Appleʼni ortda qoldirib, qisqa muddatga dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylangan edi. Texnologik uchlikning bozor kapitalizasiyasi bir necha oydan beri bir-biriga juda yaqin.
Xususan, Microsoftʼning bozor qiymati 3,2 trillion dollarga yetgan, aksiyalari narxi esa 1,3 foizga qimmatlashgan.
Kremniy vodiysidagi mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi kompaniya sun’iy intellekt asosida ishlaydigan hisoblash prosessorlarining asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi. 1990 yillarda videoo‘yinlar uchun prosessorlar yaratish bilan shug‘ullangan kompaniyaning aksiyalari qiymati oktyabr oyining o‘zida 18 foizga o‘sgan.