Norvegiyaning Nord-Troms okrug sudi Ukrainaning “Naftogaz” kompaniyasi da’vosini qanoatlantirdi. Sud Shpisbergen arxipelagidagi Barensburg shahrida joylashgan Rossiyaning “Professor Molchanov” tadqiqot kemasini qo‘lga olish haqida qaror chiqardi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2 sentyabr kuni Shpisbergen gubernatori kemani musodara qilgan. Kema alohida ko‘rsatma berilgunga qadar Barensburgda langar tashlab turadi. Hokimiyat bayonotiga ko‘ra, gubernator “Arktikugol” kompaniyasi bilan birgalikda kema bortidagi ekipaj va yo‘lovchilar holidan xabar olib turadi.
Gubernator saytida tushuntirilishicha, kemaning qo‘lga olinishi “Naftogaz” kompaniyasining 2014 yilda Rossiya tomonidan tortib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha olib borayotgan kurashining bir qismidir.
Rossiyaning Uzoq Sharq va Arktikani rivojlantirish vaziri Aleksey Chekunkov Norvegiya sudining qarorini “G‘arb mamlakatlarining qonunlarni mensimasligi va o‘zboshimchaligining navbatdagi isboti” deb atadi.
Chekunkov “Arktikugol” Norvegiya sudining kema qo‘lga olinishi bo‘yicha qarori ustidan shikoyat qilishini qo‘shimcha qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova kemaning qo‘lga olinishiga javoban Rossiya “tegishli tarzda javob qaytarishini” bildirdi.
“Professor Molchanov” Rossiyaning qutb va okeanografik tadqiqotlar o‘tkazuvchi ilmiy-tadqiqot kemasidir. U Shimoliy gidrometeorologiya va atrof-muhitni monitoring qilish boshqarmasi flotiga kiradi. 2025 yildan beri kema Murmansk va Barensburg portlari o‘rtasida muntazam qatnab keladi.