Norvegiya benzin va dizel yonilg‘isida ishlovchi avtomobillardan to‘liq xalos bo‘lgan ilk mamlakatga aylanishi mumkin.
Neft va gaz zaxiralariga boy bo‘lishiga qaramasdan, Norvegiya yangi energiya manbalarida ishlovchi transportlarni joriy qilishda anchadan buyon jahonda yetakchilardan sanaladi. Misol uchun, 2010 yilda mamlakatda sotilayotgan yangi avtomobillarning 1 foizidan ozrog‘ini elektromobillar tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda elektromobillarning ulushi 88,9 foizga yetdi.
Mamlakat jamoat yo‘llari boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki haftalarida Norvegiyada sotilgan yengil mashinalarning 96 foizidan ko‘prog‘ini elektromobillar tashkil etdi.
Norvegiya transport vazirining o‘rinbosari Sesiliya Knibe Kroglund CNBCga bergan intervyusida qiziq omilni keltirdi. Boshqa mamlakatlar ichki yonuv dvigatelli (benzin, dizel) avtomobillardan foydalanishga cheklovlar qo‘llashga urg‘u bergan bo‘lsa, Norvegiya elektromobillarni ommalashtirish bo‘yicha izchil siyosat yurg‘izib keldi — natijasini ko‘rib turibmiz.
Kroglundning aytishicha, 2025 yilda Norvegiya shahar avtobuslarini elektrobuslarga to‘liq almashtiradi, shu o‘n yillik oxiriga borib esa elektr motorli og‘ir mashinalar ulushini 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan.