Bugun 10 iyun, 2026 yil, chorshanba

КИР

Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar kuchaytiriladi

Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar kuchaytiriladi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda shahar aholisi ulushi 50 foizdan oshdi va kelgusi yillarda mazkur ko‘rsatkich yana o‘sishi kutilmoqda. Aholi soni va qurilish sur’atlari ortib borayotgani shaharsozlik rejalarini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish, yashil hududlarni saqlash, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, muhandislik va transport infratuzilmasini uyg‘un rivojlantirishni tobora dolzarb qilib qo‘ymoqda.

Bugungi kunda respublikadagi 8 ming 604 ta aholi punktidan 2 ming 506 tasi yoki 29 foizi bosh rejalar bilan qamrab olingan. 2026 yilda yana 154 ta, 2027 yilda esa 144 ta aholi punkti uchun bosh rejalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Mavjud bosh rejalarning 1 ming 44 tasi elektron shaklga o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, alohida hududlarni rivojlantirish bo‘yicha 2024-2025 yillarda 275 ta master-reja ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ularning yagona hisobi yuritilmagan, bosh rejalar bilan o‘zaro bog‘lanmagan. Bu esa hududlarni kompleks rivojlantirish, infratuzilma, transport, muhandislik tarmoqlari va ijtimoiy ob’ektlarni uyg‘un rejalashtirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shu munosabat bilan bosh reja va master-rejalar bilan ishlashning yangi tizimi taklif etildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda bosh rejalar bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq jamlanadi va aktuallashtiriladi, ikkinchi bosqichda raqamlashtirish ishlari amalga oshiriladi, uchinchi bosqichda monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi, to‘rtinchi bosqichda esa kompleks axborot-tahlil tizimi shakllantiriladi.

Bu jarayonda shaharsozlik hujjatlarining yagona elektron reestri yuritiladi. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi belgilanadi. Urbanizasiya markaziga shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritish, kompleks qurilish jarayonlarida topogeodeziya ishlarini muvofiqlashtirish va hududiy arxitektura-rejalashtirish kengashlarining faoliyatini uslubiy ta’minlash kabi qo‘shimcha vazifalar yuklanadi.

Urbanistika, geodeziya, kadastr, loyihalash, aglomerasiyalarni boshqarish va geoaxborot tizimlari bilan ishlay oladigan o‘rta va oliy bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj ortib bormoqda.

Shu maqsadda Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumini Urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi sifatida qayta tashkil etish taklif qilindi. Unda o‘rta bo‘g‘in uchun o‘lchovchi mutaxassislar, kadastr va geodeziya, kompyuter grafikasi dizayn operatorlari hamda kompyuter kadastr dasturlari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

Oliy ta’lim tizimida Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “Zamonaviy urbanistika va aglomerasiyalarni boshqarish” fakultetini ochish rejalashtirilgan.

Barcha hududlarda urbanistika, loyihalashtirish va arxitektura yo‘nalishlarini bir joyda jamlaydigan kreativ parklar tashkil etish ham taklif qilindi. Ularda laboratoriyalar, konstruktorlik ustaxonalari, dasturiy ta’minot, loyihalash xizmatlari, onbording, netvorking va kovorking maydonlari tashkil etiladi. Kreativ park rezidentlariga jismoniy shaxslar daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berish ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar, qurilish muddatlarining sun’iy ravishda uzaytirilishi, yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish kabi muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Amaldagi jarimalar ta’sirchan emasligi ko‘rsatib o‘tildi. 2025 yilda 1 ming 952 ta noqonuniy qurilish aniqlangan. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif qilindi.

Ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi sohasidagi holat ham tahlil qilindi. So‘nggi yillarda bunday uylar qurilishi hajmi 2,5 barobar ko‘payib, o‘tgan yili 11 million kvadrat metrdan oshdi. Qolaversa, ulushli uy-joy qurilishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar ham ko‘paygan. O‘tgan yilning o‘zida 3 mingga yaqin fuqaroga 668 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shu bois, ulushli qurilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda ulushli qurilish loyihalarini yangicha yondashuvlar asosida tartibga solish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish va qurilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash nazarda tutilgan.

Ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi – eskrou hisobvaraqlari mexanizmi ham muhokama qilindi. Bunda xaridorlar mablag‘i vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi, qurilish ishlari belgilangan shartlar asosida bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.

Eskrou tizimi to‘rt asosiy qoidaga asoslanadi. Birinchidan, eskrou hisobvaraqlariga tushgan mablag‘lar kreditorlarning undiruviga qaratilmaydi. Ikkinchidan, investorlar va quruvchilar faqat vakolatli banklar orqali ishlaydi. Uchinchidan, topshirish dalolatnomasi imzolangandan so‘ng mablag‘lar quruvchiga o‘tkaziladi. To‘rtinchidan, shartnoma bekor qilinganda ulushdor mablag‘i to‘liq qaytariladi.

Yangi tizimda “Uy-joy” yagona axborot platformasi muhim o‘rin tutadi. Ushbu platformada barcha qurilish jarayonlari ochiq elektron tarzda yuritiladi, developerlar reytingi, ruxsatnomalar, loyiha va qurilish jarayoni, eskrou hisobvaraqlari va shartnomalar bo‘yicha ma’lumotlar birlashtiriladi.

Taqdimotda bitta qurilish ob’ekti bo‘yicha ma’lumotlar hozirda bir nechta axborot tizimlarida alohida yuritilayotgani ham ko‘rsatib o‘tildi. “UzKad”, “E-auksion”, “E-qaror”, “Shaffof qurilish”, “Mening uyim” kabi tizimlardagi ma’lumotlar o‘zaro bog‘lanmagani sababli yer uchastkasi, loyiha hujjatlari, ekspertiza, qurilishga ruxsatnoma va ob’ektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar tarqoq holda shakllanmoqda.

Shu munosabat bilan qurilish jarayonlariga yagona identifikator, hududning raqamli pasporti, loyihaning raqamli pasporti va ob’ektning raqamli pasportini joriy etish taklif qilindi. Bu ob’ektning butun hayot siklini yagona raqamli konturda qamrab olish imkonini beradi.

Shaharsozlik renovasiyasi masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Respublikadagi 1991 yilgacha qurilgan 17 mingta uylar o‘rniga zamonaviy, energiya tejamkor, infratuzilma bilan ta’minlangan ko‘p kvartirali uylar qurish mumkinligi ko‘rsatildi.

Hozirgacha renovasiya jarayonlarini tartibga soladigan yagona qonun mavjud emas edi. Shu bois, shaharsozlik renovasiyasi to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda renovasiya hududlarini belgilash, aholi roziligini olish, kompensasiya va ko‘chirish tartiblari, investorlar majburiyatlari hamda davlat organlari vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilmoqda.

Renovasiya loyihalari orqali eskirgan uy-joy fondini yangilash, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini modernizasiya qilish, yashil hududlar va ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish maqsad qilingan.

Prezidentimiz shaharsozlik va urbanizasiya sohasidagi islohotlar aholi uchun qulay muhit va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslanishi zarurligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga bosh rejalar va master-rejalarni raqamlashtirish, “Uy-joy” yagona platformasini ishga tushirish, ulushli qurilishda fuqarolar huquqlarini kafolatlash, eskrou mexanizmlarini joriy etish hamda renovasiya bo‘yicha aniq va adolatli tartiblarni shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Kiritildi: Bugun 20:32. O'qildi: 307 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!