Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan xorijlik fuqaro noyob madaniy boyliklarni noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgani aniqlandi.
Bojxonachilar mehmonni belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazganida uning qo‘l yuklari orasida deklarasiyalanmagan va bojxona xodimiga ma’lum qilinmagan XVIII asrga oid bir dona qadimiy haykalcha, bir dona qadimiy obdasta borligi aniqlandi.
“Termiz aeroport” chegara bojxona posti orqali xorijga uchib ketayotgan fuqaro qo‘l yuklari ichida bir dona sarg‘ish-qizg‘ish rangdagi, yuzasida tasvir va lotin tilidagi yozuvlar mavjud bo‘lgan XIX asrga oid tanga bilan qo‘lga tushdi.
– Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi 131- qarorida 50 yil muqaddam va undan avval yaratilgan madaniy boyliklarni yurtimizdan olib chiqib ketishga yo‘l qo‘yilmaydi, – deydi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shoxro‘z O‘ralov. – Shu bois har ikki holatda ham ushlab qolingan madaniy boyliklar Termiz arxeologiya muzeyiga topshirildi.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.