Sentyabr oyida O‘zbekiston aholisi non va un narxlari keskin oshganini qayd etishdi. Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma shuni ko‘rsatmoqda.
Non va un qimmatlaganini nafaqat kam daromadli aholi, balki boylar ham birdek sezishgan. Sentyabr oyida mamlakatda non narxi sezilarli o‘sishni boshlagan edi va hukumat 20 kun ichida narxlar o‘z o‘rniga qaytishi aytgandi.
Umumiy sezilgan inflyasiya 13,3 foizni tashkil qildi va avgust oyiga nisbatan 1,2 foizga pasaydi. Eng qizig‘i, daromadi 15 mln so‘mdan oshiq bo‘lgan aholi qolganlarga qaraganda inflyasiyani ko‘proq sezmoqda — 15,2 foiz. Hududlar kesimida eng yuqori his qilingan inflyasiya Toshkent shahrida (14,8 foiz) bo‘lsa, eng pasti Qoraqalpog‘istonda (11,6 foiz).