Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs pichoq ko‘targan holda ko‘p qavatli uy yo‘lagida pichoq ko‘tarib harakatlanganligi aks etgan video yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 5 yanvar kuni tungi soat 01.35 larda 1984 yilda tug‘ilgan O.S. mast holatda bo‘la turib, Yashnobod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida qo‘shnisi D.YU.ning eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan. U jamoat joyida bo‘la turib, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyoni qonunga xilof ravishda olib yurib, jamoat tartibini buzgan. Ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan chora ko‘rilgan va huquqbuzar ma’muriy tartibda ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro O.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 ("Mayda bezorilik"), 185 prim.2 ("Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish"), 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan. Sud tomonidan ushbu shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.