Endilikda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni rasman ishga olgan tadbirkorlar hamda agentliklar davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Hukumat qaroriga asosan, «Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, nogironlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga ikki turdagi subsidiya beriladi: «bandlikka ko‘maklashish» va «ish joyini moslashtirish subsidiyalari».
Bandlikka ko‘maklashish subsidiyasi I yoki II guruh nogironligini rasman 3 oydan kam bo‘lmagan muddatda ishga olgan va ularga har oy mehnat haqining eng kam miqdoridan ikki barobar kam bo‘lmagan maosh to‘lagan tadbirkorlarga beriladi.
Ish joyini moslashtirish subsidiyasi esa ushbu xodimlar uchun surdotarjima, psixologik yoki hamrohlik xizmatini tashkil qilgan tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha ajratiladi. Har oylik subsidiya miqdori belgilanganidek:
* surdotarjima xizmati uchun BHMning 8 barobari,
* psixolog xizmati uchun BHMning 10 barobari,
* hamrohlik xizmati uchun BHMning 5 barobari miqdorida.
Subsidiya olish uchun tadbirkorlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» tizimi yoki my.gov.uz orqali elektron so‘rovnoma yuborishlari kerak bo‘ladi.