Isroil mudofaa vaziri Israel Kasning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Eronning yangi oliy rahnamosi Mujtabo Xominaiy va energetika ob’ektlarini nishonga olish uchun Qo‘shma Shtatlardan ruxsat kutmoqda.
"Isroil Eronga qarshi urushni davom ettirishga tayyor. Isroil armiyasi (SAXAL) mudofaa va hujumga shay holatda, nishonlar esa belgilab olingan", — dedi Kas.
Uning ta’kidlashicha, Isroil birinchi navbatda Vashingtonning ruxsatini kutmoqda. Bu ruxsat Isroilni yo‘q qilish rejasining tashabbuskori bo‘lgan Xominaiy sulolasini va Eron “terrorchi rejimi” rahbariyatining barcha vorislarini butunlay yo‘q qilish uchun zarurdir.
"Bu galgi hujum avvalgilaridan farq qiladi va halokatli bo‘ladi. Eron terrorchi rejimi hozirgacha uchramagan zarbalarga duch keladi. Mamlakatning eng og‘riqli nuqtalariga poydevorni silkitadigan va qulatadigan zarbalar beriladi. Eronni “zulmat va tosh davriga” qaytaramiz", — dedi Isroil mudofaa vaziri.
Kasning fikricha, Eron hozirda juda og‘ir ahvolda bo‘lib, uning rahbariyati tunnellarda yashirinib yuribdi.
"Shunga qaramay, ular g‘alaba qozonayotganini e’lon qilmoqda. Livandagi “Hizbulloh” va G‘azodagi HAMAS kabi, Eron rejimi ham aholi to‘layotgan og‘ir badal haqida qayg‘urmaydi. Ular faqat o‘zlari omon qolishini o‘ylaydi, lekin bu ham kafolatlanmagan", — dedi u.