Qur’oni Karimda «zakot» so‘zi o‘ttiz martadan ortiq kelgan bo‘lsa, shundan yigirma yettitasida u namoz bilan birga zikr qilingan. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida nima uchun zakotga alohida e’tibor berilgan? Zakotni inkor qilgan odam nima uchun kofir bo‘ladi? Bunga o‘xshash savollarni ko‘plab berish mumkin. Alloh taoloning yordami va tavfiqi ila ushbu «Zakot kitobi»da bu kabi savollarga ham javob berishga harakat qilamiz.
Mol va moliyaviy aloqalar insonlar hayotida, xususan, ijtimoiy hayotda muhim o‘rin tutishini hech kim inkor qila olmaydi. Qaysi bir shaxs, qaysi bir jamiyat moliyaviy masalani, ya’ni iqtisod masalasini to‘g‘ri hal etsa, katta muvaffaqiyatga erishishi aniq.
Shuning uchun ham bu masala hamisha ko‘pchilikni o‘ylantirib kelgan va kelayotir. Har kim bu masalada o‘zicha turli usullarni qo‘llab ko‘rgan va ko‘rmoqda. Ba’zilar o‘z iqtisodiy holatini o‘zi ishlab, to‘g‘rilashga uringan bo‘lsa, yana ba’zilar bu masalani o‘zgalarni ishlatish bilan hal qilishga intilganlar. Uchinchi toifa kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni yo‘q qilish uchun boylarni yo‘qotish zarur, deb hisoblaganlar. To‘rtinchi toifa esa ishni soliq mirshabi o‘z joyiga keltirishi mumkin, degan fikrni ilgari surganlar. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu masalada har kim o‘zicha fikr-mulohaza yuritib, xatti-harakat qilgan va qilmoqda.
Lekin bularning hammasi ham avvaliga eng to‘g‘ri yo‘l, eng munosib omil bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa-da, bora-bora kamchiliklari ochilib, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketmoqda.
Zakot masalasi faqat Alloh taoloning yagona O‘ziga xos ishdir. Kim Allohning ta’limoti ila ish ko‘rsa, niyatiga yetadi. Alloh taolo O‘zining oxirgi diynida – Islomda iqtisodiy muammolarni hal qilish zakot asosida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib qo‘ygan. Bugungi kun tili bilan aytganimizda, zakot iqtisodning asosi qilib olinsa, so‘ngra unga boshqa islomiy-iqtisodiy omillar qo‘shilsa, iqtisodiy masala o‘z yechimini topgan bo‘ladi.
Albatta, haqiqiy zakot tushunchasi bugungi kunda ko‘pchilik o‘ylaganidek, boylar tomonidan kambag‘allarga beriladigan uch-to‘rt chaqa emas. Haqiqiy zakot juda ham keng va shomil ma’nodagi tushuncha ekanligini, Alloh xohlasa, kelgusida asta-sekin tushunib boramiz.
Avval aytib o‘tganimizdek, zakot Islomdagi besh ruknning uchinchisidir. U islomiy ibodat bo‘lib, aqiydaning ajralmas qismidir. Kim zakotni inkor etsa, kofir, uni ado etmasa, osiy bo‘ladi.
Zakot – imkoni bor bo‘lgan musulmon odamga Alloh tomonidan amr qilingan muqaddas burchdir. Musulmon odam zakotga amal qilar ekan, iqtisodiy muomalaga emas, ilohiy ko‘rsatmaga binoan shar’iy ibodat qiladi.
Shar’iy ruknlar tartibida zakot iymon va namozdan keyin, ro‘zadan oldin, uchinchi o‘rinda turadi.
Fiqhiy kitoblarimizda ibodatlar qismi alohida, muomalalar qismi alohida bayon qilingan bo‘lib, zakot ibodatlar qismida kelgan. Zakotda ibodat ma’nosi bo‘lishi bilan birga, ulug‘ insoniy g‘oyalar, axloqiy ko‘rinishlar, ruhiy qadriyatlar ham mavjud. Unda faqat moddiy ma’no emas, balki ma’naviy, ruhiy, axloqiy ma’nolar ham o‘z aksini topgan.
Zakotda zakot beruvchiga ham, zakot oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor.
Islomda zakot orqali mol to‘plab, xazinani to‘ldirish ko‘zda tutilmagan. Shuningdek, faqir, beva-bechoralarga moliyaviy yordam ma’nosi ham ko‘zda tutilmagan. Bular zakotni tatbiq qilishning samarasi bo‘lishi mumkin.
Zakotdan asosiy maqsad, insonni molu dunyodan ustun qo‘yish, ya’ni inson mol-dunyoning quli emas, molu dunyo insonning quli ekanligini ta’minlashdir.
Islomda avval zakot beruvchi shaxs haqida so‘z ketadi. Boy odam zakot berish bilan atroflicha poklanishi, gunohlari yuvilishi, oxiratda oliy darajalarga erishishi bayon etiladi.
Zakot berish orqali musulmon jamiyatidagi iqtisodiy jihatdan o‘ziga to‘q bo‘lgan barcha kishilar baxillik balosidan poklanadilar. Qaysi bir jamiyatda, qaysi bir kishida baxillik bo‘lsa, oqibati yomon bo‘lishi hammaga ma’lum. Ushbu muammoni hal qilishning eng to‘g‘ri yo‘li zakotdir.
Boshqa yo‘llar baxillik muammosini hal qila olmasligini insoniyat tarixi ochiq-oydin ko‘rsatdi. Zakot orqali baxillik balosidan qutulgan kishilar va jamiyat boshqa iqtisodiy masalalarni ham juda osonlik bilan hal qiladilar.
Shu yo‘l bilan jamiyatdagi har bir iqtisodiy imkoniyati bor bo‘lgan kishi va tomon jamiyat foydasi uchun mol-dunyo sarflashga o‘z ixtiyori bilan doimo tayyor turadi.
Zakot berish boy kishining Alloh tomonidan o‘ziga berilgan ne’matlarga shukronasi hamdir.
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayhi: «Alloh taolo O‘z bandasiga jon ne’mati va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon ne’matining shukridir. Moliyaviy ibodatlar mol ne’matining shukridir», deganlar.
Demak, zakot ibodati tufayli zakot beruvchi kishi o‘zining ixtiyoridagi mol-dunyo Alloh tomonidan berilgan ne’mat ekanligini, bu molu dunyoga vaqtinchalik sohib bo‘lib turganini tushunib yetadi. Shuning uchun u qo‘lidagi molu dunyoni Alloh ko‘rsatgan halol-pok yo‘llarga sarflashga intiladi. Bu narsa har bir shaxs, har bir jamiyat uchun iqtisodiy muammolarni hal qilishda juda muhim va zarur omildir.
Shunday qilib, zakot mulkdorning qalbi poklanib, uning ma’naviy va ruhiy tomondan o‘sib borishiga sabab bo‘ladi. Bunday kishi avvalo birovning haqqiga ko‘z olaytirmaydigan, o‘zining moliyaviy burchlarini o‘rnida ado etadigan, jamiyati uchun kerakli sarf-xarajatni chin qalbdan, og‘rinmay ko‘taradigan shaxsga aylanadi.
Boy inson zakotini vaqtida berib borar ekan, uning jamiyatiga va butun insoniyatga mehr-shafqati, hurmat-ehtiromi, muhabbati ham ziyoda bo‘lib boraveradi.
Zakot nafaqat zakot beruvchining shaxsini, balki uning mol-mulkini ham poklab, sayqallab, uning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Islom ta’limoti bo‘yicha mol nisobga (zakot beradigan miqdorga) yetganidan keyin uning ichida zakotga haqdor bo‘lgan kishilarning moli paydo bo‘ladi. Ya’ni unga birovning haqqi aralashadi. O‘sha birovning haqqi chiqarib berilmagunicha mazkur mol pok hisoblanmaydi. Bu mol egasi o‘zining halol moliga birovning haqqini – harom molni qo‘shib olgandek bo‘ladi. Allohning amriga bo‘ysunib, zakoti chiqarib berilsagina bu mol poklanadi.
Islom jamiyatidan boshqa jamiyatlarda bunday tushuncha yo‘q. Zamonamizdagi ko‘pgina moliyaviy muammolar aynan mana shu ruhning yetishmasligidan kelib chiqayotganini hamma ham tushunib yetsa edi!..
Boy musulmon odam agar zakotini vaqtida chiqarib bermasa, qolgan moli ham harom bo‘lishini va halokatga uchrashini yaxshi biladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflaridan birida: «Qaysi molga zakot aralashsa, uni albatta halok qiladi», deganlar.
Shu bilan birga, zakot molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi, uning barakali bo‘lishiga va turli balo-ofatlardan saqlanishiga ham sabab bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Mollaringizni zakot ila o‘rab, himoyalangiz», deganlar.
Ma’lumki, zakot beruvchi o‘ziga farz qilingan moliyaviy ibodatni ado etish uchun avvalo uni zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga olib borib berishi kerak. Ulardan boshqaga bersa, zakot o‘rniga o‘tmaydi.
Buning uchun esa u avvalo zakotga haqdor toifalar kimlar ekanligini bilishi kerak. Ular esa miskin, faqir, qul, qarzdor, muhtoj bo‘lib qolgan musofirlar bo‘lib, ularni izlab topib, o‘z moliyaviy ibodatini ado etishga yordam so‘rashi kerak. Boshqacha qilib aytganda, ulardan zakotni qabul qilib olishlarini so‘rash kerak bo‘ladi.
Bu ham boy-badavlat odamda kamtarlik, o‘zini past tutish sifatlarini mujassam qilishi bilan birga, beva-bechora, kambag‘al, qulu qarzdor, shuningdek, begona yurtda mol-mulksiz qolgan odamlarda izzat-hurmat, xorlikdan qutulish, ular haqida g‘amxo‘rlik qiladigan kishilar borligini tushunib etish hissini orttiradi. Chunki zakotni xoh tayin qilingan vazifadorlar keltirib bersin, xoh zakot beruvchining o‘zi olib kelib bersin, oluvchini tahqirlashga, past sanashga, minnat qilishga hech haqlari yo‘q. Agar shunday qiladigan bo‘lsalar, zakot oluvchiga minnat qilganlari tufayli bergan zakotlari botil bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda:
«Ey iymon keltirganlar, sadaqalaringizni minnat qilish va ozor berish bilan botil qilmang!» degan.
Demak, zakot tufayli uni oluvchilar xoru zorlik, birovga yalinish, o‘zini pastga urish va boshqa shunga o‘xshash hollardan qutuladilar.
Bu ibodat boylarni baxillik, manmanlik balosidan poklaganidek, kambag‘allarni ham hasad, ichi kuyish kabi dardlardan poklaydi. Zero, boydan zakotni qabul qilib olgan, undan go‘zal muomala ko‘rgan kambag‘al unga hech qachon hasad qilmaydi. Aksincha, unga doimo hurmat-ehtirom bilan qaraydi, uning haqqiga duo qiladi, Allohdan «Uning moli yana ham ko‘p bo‘lsin, menga o‘xshaganlarga yana ham ko‘proq zakot bersin», deb so‘raydi.
Zakot ibodati zakot beruvchiga ham, zakot oluvchiga ham ko‘plab foyda keltirar ekan, demak, u jamiyatga ham katta foydalar keltiradi. Shuning uchun ham zakot ibodati tatbiq qilingan jamiyatlarda ko‘pgina mushkulot va muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi.
Ijtimoiy ta’minot masalasini olib ko‘raylik. Islom bu masalani zakot orqali o‘n besh asr oldin hal qilib qo‘ygan. Hozirgi zamonda esa ko‘p davlatlar bu muammoni hal qila olmay, boshlari qotib yotibdi. Umuman, hozirgi odamlar «ijtimoiy ta’minot» deb atayotgan istiloh ilk bor AQSh va Angliyada 1941 yildan boshlab muomalaga kiritilgan. Ungacha bu narsa hech kimning xayoliga ham kelmagan.
Zakot orqali ijtimoiy ta’minot masalasining hal etilishini tushunib yetish qiyin emas. Buning uchun zakotdan tushgan mablag‘ kimlarga sarflanishiga bir nazar solinsa, kifoya.
Zakot faqirlarga, miskinlarga, zakot yig‘ib, tarqatuvchilarga, qalbini Islomga ulfat qilish kerak bo‘lganlarga, qul ozod qilishga, qarzdorlarga, Allohning yo‘liga va yo‘qsil yo‘lchilarga beriladi.
Inshaalloh, bu masala kezi kelganida mufassal o‘rganiladi. Ammo hozir, bir nazar tashlash bilan bir jamiyatdagi boylar o‘z ixtiyorlari ila mollaridan ma’lum qismini chiqarib, miskin, faqir, qul, qarzdor, yo‘qsil musofir kabi kishilarga bo‘lib berib turganlarida nima bo‘lishini tushunib olish qiyin emas.
Shunday qilib, jamiyatdagi barcha ijtimoiy ta’minot masalalari hal qilinadi. Zakot tufayli jamiyatda kambag‘allik, tilanchilik, ko‘chada qolgan kishilar, qarovsiz qolgan qariyalar va bolalar muammosi hamda shunga o‘xshash ko‘pgina muammolar hal etiladi.
Hozirgi kunning iqtisodiy muammolaridan biri — jamiyatdagi mavjud pul mablag‘larining ma’lum bir joyga to‘planib, «aylanmay» turib qolishi ekanligini iqtisodchilar ko‘p takrorlaydilar. Hukumatlar, iqtisodiy muassasalar odamlar qo‘lidagi pullarni qaytarib ololmay, qiynaladilar. Naqd pulga ehtiyoj ko‘payib, yangi pul chiqarilaversa, pulning qiymati tushib ketishi ham sir emas. Zakot bilan xuddi shu muammoni hal qilishga ham yo‘l ochiladi. Har yili to‘planib qolgan pulning ma’lum miqdori boylarning qo‘lidan kambag‘allarning qo‘liga o‘tadi va natijada «aylanmay» turib qolgan naqd pulning ma’lum miqdori o‘z-o‘zidan aylanishni boshlaydi.
Alloh taolo «Hashr» surasida dushman tomonidan urushsiz o‘ljaga tushgan molu mulkni bir necha toifa kishilarga, jumladan, yaqin qarindosh, yetimlar, miskinlar va yo‘qsil yo‘lchilarga bo‘lib berishga amr qilganidan so‘ng: «Sizlardan bo‘lgan boylarning orasida aylanib yurmasligi uchun», deydi. Bu esa «mol-mulk boylar orasida turib qolmasligi uchun mazkur kishilarga o‘ljani bo‘lib bering», deganidir. Xuddi shu hikmat zakotga ham tegishli.
Jamiyatda zakotga haqdor bo‘lgan kishilarning bir toifasi qalblarini ulfat qilish zarur bo‘lgan kishilardir. Ya’ni, Islom jamiyatiga xayrixoh bo‘lishlariga hojat tushadigan odamlardir. Bu toifaga yangi musulmon bo‘lgan kishilar yoki musulmon bo‘lishidan umid qilingan kishilar kiradi. Bu esa, zakot boshqa xalqlar vakillari bilan aloqalarni yaxshilash masalasida ham xizmat qiladi, deganidir.
«Allohning yo‘lida» degan bandga esa asosan harbiy xarajatlar kiradi. Ya’ni, jamiyatdagi askar armiyani tutib turish uchun kerak bo‘lgan sarf-xarajatlarga ham zakotdan sarflanadi. Hozirgi kunda bu maqsaddagi sarf-xarajatlar davlatlar uchun asosiy muammo bo‘lib turganini hisobga olsak, bu bilan jamiyatning yana bir og‘iri yengillashadi.
Hozirgi vaqtda jamiyatdagi mavjud bo‘lgan haqiqiy boylikni aniqlash juda ham mushkul ishlardan biri bo‘lib turibdi. Chunki mol egalari soliq to‘lashdan qochib, o‘z mol-mulklari, daromadlarini turli usullar bilan yashiradilar. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy hisob-kitob qilish, kelajak rejalarini tuzish ishini mushkullashtirmoqda.
Agar zakot ibodati to‘g‘ri ravishda yo‘lga qo‘yilsa, bu muammo ham oson hal bo‘ladi. Chunki har bir mulkdor iymon-e’tiqod taqozosi ila Alloh farz qilgan moliyaviy ibodatni ado etish uchun har yili bir marta o‘z mulkini aniq hisoblab, zakotini chiqaradi. Zakot nafaqat puldan, balki chorva hayvonlaridan, ziroatchilik mahsulotlaridan, konlardan va boshqa shunga o‘xshash narsalardan ham chiqarilishini hisobga oladigan bo‘lsak, har yili jamiyatdagi molu mulk hisob-kitobi xarajat sarflanmay amalga oshiriladi.
Umar ibn Abdulazizning xalifalik davrlarida keng hududli Islom davlatida zakot to‘planib, zakot oladigan odam topilmay qolgan. Bu esa davlatdagi har bir oila zakot berish darajasiga yetgan, deganidir. Shunda ulamolar yig‘ilishib, «To‘plangan zakotni «Allohning yo‘lida» degan bandga amal qilib, Afriqoda Islomni tarqatish ishlariga sarflash kerak» degan fatvo chiqarganlar.
Bugungi kunda ko‘pgina yurtlarda zakot ibodati ado etilmayotganligi sir emas. Ba’zi joylarda qisman ado etilayotgani ham aniq. Ba’zi joylarda bu masalani qaytadan o‘rganib, yo‘lga qo‘yish harakatlari ham bor.
Bizning ushbu satrlarimiz ham zakotga oid bo‘lgan shar’iy ta’limotlarni o‘rganish yo‘lidagi ojizona bir urinishdir. Alloh taoloning O‘zi yordam berib, o‘rganganlarimizga amal qilishni nasib etsin.
Manba: islom.uz