Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Nikoh to‘yini dabdabali o‘tkazishni istamagan yigit ehson dasturxoni yozdi

Nikoh to‘yini dabdabali o‘tkazishni istamagan yigit ehson dasturxoni yozdi

Topganini qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilari bilan baham ko‘radigan xalqimiz to‘ylari bilan mashhur. Bu to‘ylarda xalqimizning boy ma’naviy merosi, madaniyati aks etadi.

Ming afsuski, bugun ayrim hollarda nikoh marosimi ortiqcha hashamga aylanib ketmoqda. Nikoh to‘yi marosimlari haddan ziyod dabdabali o‘tmoqda.

Yoshlarimiz milliy urf-odatlarimiz qolib, chetdan kirib kelgan o‘zgacha odatlar asosida nikoh to‘yini o‘tkazmoqda. Kim o‘zarga to‘y qilish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi ortiqcha illatlar avj olayotgani kishi dilini xira qiladi.

Qimmat restoranda to‘y qilamiz, falon san’atkorlarni chaqiramiz, deb ota-onasiga shart qo‘yayotganlar ham topiladi. To‘y sohibi katta xarajat uchun qarz ko‘taradi yoki kredit oladi. Shuning ortidan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasida sovuqchilik ko‘payib borayapti. Vaholanki, to‘kin-sochin dasturxon, to‘yga sarflangan xarajatlarni kamaytirib, yosh oilaning ro‘zg‘orini but qilish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi to‘y marosimlarini ixchamlashtirish, ortiqcha dabdabaga berilmaslik borasida turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqda.

– To‘y va marosimlar dabdabasi, soxta maqtovlar, mahallalardagi urchigan gaplar har qancha chiroyli ko‘rinmasin bu, avvalo, katta isrof, dinimizga yot tushunchalardir, – dedi “Al Hudaybiya” jome masjidi imom-xatibi Murodulloh Xunazarov. – Ma’raka-marosimlarda besh xil, ba’zan yetti xil taom tortilishi kerak, degan tushunchalar biz insonlarning qorin g‘amiga mukkasidan ketganimizdan darak. To‘ylardan keyin ortib qolgan taomlar, masalliqlar, ayniqsa, eng aziz ne’mat bo‘lgan non negadir hech kimni ajablantirmay qo‘ydi. Isrofgarchilik gunoh ekanligini eslamay ham qo‘ydik. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Bu to‘g‘risida Qur’oni karimda va Payg‘ambarimiz hadislarida musulmonlarni ogoh bo‘lishga chaqirgan ko‘rsatmalar bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari tashabbusi bilan bir yosh kelin-kuyovning nikoh to‘yi marosimiga faqat imkoniyati cheklangan insonlarni taklif etish orqali ularning ko‘ngillariga shodlik ulashish maqsad qilingan edi. Mazkur xayriya tadbiri Toshkent shahridagi “Versal” koshonasida bo‘lib o‘tdi.

– Har bir ishda me’yor va mo‘’tadillik bo‘lishi zarur. Ana shunda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Bu ikki narsa kishining havoyi-nafsiga qo‘yilgan qopqondir. To‘y qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng katta savobdir. Oramizda buni anglab yetgan yoshlar ham talaygina. Yashnobod tumanida tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan bir yigit oldimga kelib, uylanayotganini, nikoh to‘yini dabdabali qilib o‘tkazmasligini aytdi. Savob olish niyatida bugun yuz nafardan ortiq kam ta’minlangan, imkoniyati cheklanganlar uchun dasturxon yozdi. Ularning o‘ksik ko‘ngliga dalda bo‘lish, duosini olish dabdabali to‘y qilib, maqtanishdan ming marta yaxshi, – dedi M.Xunazarov.

Yig‘ilganlar yurtimiz tinchligiga shukrona aytib, kelin-kuyov haqiga duo qildi.

Kiritildi: 06:30 09.09.2019. O'qildi: 2472 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!