Niger davlatining sobiq Prezidenti Muhammadu Issufu yuz bergan davlat to‘ntarishi tufayli ushbu mamlakatga nisbatan harbiy aralashuv xato, deb hisoblaydi. Bu haqda “RIA Novosti” yozgan.
Niger harbiylari iyul oyi oxirida milliy televideniye orqali efirga chiqib, Prezident Muhammad Bazum hukumatdan ag‘darilgani va Vatanni muhofaza etish milliy kengashi (CNSP) tuzilganini e’lon qildi. Shunda aksariyat G‘arb mamlakatlari yetakchilari va G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy hamjamiyati (EKOVAS) mintaqaviy tashkiloti to‘ntarishni qoraladi. Avgust boshida Nigeriya poytaxti Abuja shahrida o‘tgan EKOVAS mamlakatlari Qurolli kuchlari Bosh shtab boshliqlarining favqulodda uchrashuvida, lozim bo‘lsa, Nigerga harbiy intervensiya uyushtirilishi mumkinligi bo‘yicha reja ishlab chiqilgan.
– Tashqi harbiy aralashuv, mazkur aralashuvning cheksiz insoniy va moddiy oqibatlari uzoq muddatli beqarorlikka olib keladi, – deb yozgan sobiq davlat yetakchisi itimoiy tarmoq orqali. – Ayni yo‘lni tanlash nafaqat adashish, balki xato bo‘lardi. Ishonchim komilki, EKOVAS mamlakatlari rahbarlari ulkan aqliy salohiyatidan, donishmandligidan foydalanib, bunday xatoning oldini olishadi.
Uning fikricha, faqat muzokara yo‘li bilan qabul qilingan qarorgina “barqaror demokratik tartibga tezroq qaytish” yo‘lini ochadi.
Issufu Nigerni 2011 yildan boshlab ikki muddat boshqargan. 2021 yil u ommaga lavozimini topshirish niyatida ekanini e’lon qildi. Prezident saylovi natijasiga ko‘ra, davlat rahbarligini Bazum egalladi.
Niger – Fransiyaning sobiq mustamlakasi. Mamlakat uran zaxirasiga boy, Fransiya esa bu xom ashyoga muhtoj.
Fransuz OAV tahlili mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun zarur uranning 15-17 foizi aynan shu Afrika davlati hissasiga to‘g‘ri kelishidan darak beradi. Ayni payt Nigerda 1 500, Chadda esa 1000 nafar fransuz harbiy xizmatchisi joylashtirilgan.