Pentagon Yaponiya va Avstraliyaga bosim o‘tkazmoqda, ulardan AQSh va Xitoy o‘rtasida Tayvan tufayli urush chiqsa, qanday rol o‘ynashlarini aniq bayon etishni talab qilmoqda. Bu haqda Financial Times (FT) gazetasi manbalariga tayangan holda xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda Pentagonning siyosiy masalalar bo‘yicha rahbari Elbridj Kolbi Yaponiya va Avstraliya mudofaa vazirliklari vakillari bilan uchrashuvlarda ushbu masalani ko‘targan. U AQShning Indo-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarini so‘nggi paytlarda salohiyatli urushga tayyorgarlik ko‘rish va Xitoyga nisbatan tiyish choralarini kuchaytirishga ko‘ndirishga uringan.
Muzokaralar davomida, shuningdek, AQSh ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chorlashga ham urinib kelayotgani aytilgan.
«Biroq Tayvan oroli uchun urushda ishtirok etish majburiyatini talab qilish — bu AQSh tomonidan qo‘yilgan yangi talabdir», — deb yozadi FT.
Manbalarning ta’kidlashicha, Vashingtonning bu talabi Tokio va Kanberrani hayratda qoldirgan, chunki AQShning o‘zi Tayvanni to‘liq himoya qilishga kafolat bermagan.
2025 yil 11 iyun kuni Pentagon rahbari Pit Xegset Xitoy Tayvanni kuch bilan o‘zlashtirish haqida qaror qabul qilganiga doir aniq ma’lumotlar yo‘qligini aytgan edi.
Bundan avval Xitoy rahbari Si Szinpin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbat chog‘ida Vashingtonni Tayvan masalasiga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashishga va separatistlarni Pekin bilan to‘qnashuvga yetaklashga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi.