Niderlandiya parlamenti deputati Pepeyn van Xouvelingen mamlakatni Ukrainaga ajratilayotgan yangi moliyaviy yordamlar sababli Yevropa Ittifoqidan chiqishga chaqirdi.
O‘ng qanot muxolifatdagi «Demokratiya forumi» partiyasi vakili ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Yevropa Ittifoqi allaqachon Ukrainaga yuzlab milliard yevrolik yordam ajratganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2028 yil uchun muhokama qilinayotgan rejalar doirasida Kiyevga yana 100 milliard yevro miqdorida qo‘shimcha kredit ajratish ko‘zda tutilmoqda.
«Bu dahshatli manzara. Ukrainaga yordam uchun to‘lovlarni yevropalik soliq to‘lovchilar, jumladan niderlandiyaliklar ham o‘z zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi», — dedi deputat.
Pepeyn van Xouvelingenning fikricha, bunday sharoitda Niderlandiya imkoni boricha tezroq Yevropa Ittifoqidan chiqishi kerak.
Biroq mazkur bayonot deputatning shaxsiy siyosiy pozisiyasi bo‘lib, u Niderlandiya hukumati yoki parlamentning rasmiy nuqtai nazarini aks ettirmaydi. Ayni paytda mamlakat hukumati Yevropa Ittifoqi tarkibida qolish va Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni davom ettirish siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.