Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livanda ilgari Hizbulloh nazoratida bo‘lgan hududlar ustidan Isroil nazoratini «chuqurlashtirish va kengaytirish» bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
U bu haqda Livandagi Bofort qal’asi egallanganini xotirlash marosimida so‘zlagan. Netanyaxuning ta’kidlashicha, Isroil mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun chegaralar tashqarisida ham xavfsizlik hududlarini yaratmoqda.
«Bugun biz Bofortga boshqacha xalq sifatida qaytdik. Biz birlashgan, qat’iyatli va avvalgidan ham kuchliroq bo‘lib qaytdik», — dedi u.
Avvalroq Isroil mudofaa vaziri Isroel Kas Bofort qal’asi Isroil armiyasi tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nuqta Galileya hududidagi aholi xavfsizligini ta’minlash uchun muhim strategik ob’ekt hisoblanadi.
1982 yilda Isroil armiyasi Bofortni egallab, u yerda harbiy baza tashkil etgan. 2000 yilda Isroil qo‘shinlari Livandan chiqib ketgach, qal’a Hizbulloh nazoratiga o‘tgan edi. 2026 yil aprelidan buyon Isroil va Livan o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda, ammo tomonlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar hamon kuzatilmoqda.