Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronda amaldagi hokimiyat saqlanib qolishi mintaqadagi xavfsizlikka tahdid solishda davom etishini da’vo qildi. Uning fikricha, Tehron harbiy jihatdan zaiflashganiga qaramay, yadroviy qurol yaratish rejalaridan voz kechmagan.
Netanyaxu 20 oktyabr kuni qilgan chiqishida Eron hokimiyatini ag‘darishni Isroilning asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatdi.
«Bu rejim qanchalik zaiflashgan bo‘lmasin, o‘z maqsadlaridan qaytmaydi. U yana kuch to‘plab, bir yil avval biz to‘xtatgan yadroviy bombalar ishlab chiqarish va mintaqadagi ittifoqchilar tarmog‘ini tiklashga urinadi», deya ta’kidladi u.
Isroil rahbari Erondagi mavjud tuzumni ag‘darish orqaligina bunday xavfning oldini olish mumkinligini bildirdi.
Shuningdek, Netanyaxu Livan bilan tinchlik kelishuviga erishish niyati borligini aytib, Eronda hokimiyat almashishi mintaqadagi vaziyatga ham ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.