Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyatiga yadroviy yoki neft ob’ektlariga emas, balki Erondagi harbiy nishonlarga zarba berishni xohlayotganini aytdi. Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar berdi.
Uning manbalariga ko‘ra, 9 oktyabr kuni Bayden bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Netanyaxu "maqsad sifatida Erondagi harbiy infratuzilmani tanlashni rejalashtirayotganini" ma’lum qilgan. Nashrning fikricha, bu yahudiy davlati tomonidan "keng ko‘lamli urushga yo‘l qo‘ymaslik uchun yanada cheklangan javob zarbasi" berilishi mumkinligini anglatadi.
Manbalardan biri ta’kidlashicha, Isroil o‘z javob harakatlarini "AQShdagi saylovlarga siyosiy aralashuv" deb qabul qilinmasligi uchun shunday rejalashtirmoqda. Bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxuning Isroilning keng ko‘lamli zarbasi Amerikadagi prezidentlik poygasi natijasini o‘zgartirishi mumkinligini tushunishidan dalolat beradi.
Nashr xabar berishicha, Isroilning bu rejasi Vashingtonda yengillik bilan qabul qilingan.
Netanyaxu va Bayden o‘rtasidagi so‘nggi telefon suhbati 9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Bu ularning so‘nggi bir yarim oy ichida birinchi shaxsiy aloqasi edi. Taxminan 40 daqiqa davom etgan suhbatga AQSh prezidentligiga nomzod Kamala Xarris qo‘shilgan.