Ushbu surishtiruvni NDR telekanalining "Rabbit Hole" loyihasi tayyorladi va u markaziy "Tagesschau" yangiliklar dasturida efirga uzatildi. Jurnalistlar bir necha hafta davomida yollanma askarlarning ijtimoiy tarmoqlarini, rekruting agentliklarining postlarini va harbiy xizmatga chaqiruvchi reklamalarni o‘rganib chiqdi.
NDR ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari Rossiya armiyasiga asosan Afrikadan askarlar yollangan bo‘lsa, endilikda Indoneziya, Malayziya va Kambodja fuqarolari jalb qilinmoqda. Ularga oyiga 3500 dollargacha maosh va 30 000 dollar miqdorida bonus va’da qilinyapti. Biroq yangi kelganlar ko‘pincha "to‘p yemi"ga aylanib, frontda dastlabki kunlariyoq halok bo‘lmoqda.
Surishtiruv mualliflari chet elliklarni Rossiyaga ishga, aslida esa urushga jalb qiluvchi "WorkVia" rekruting kompaniyasi faoliyatini o‘rganishdi. Jurnalistlar firma menejeri Kristina bilan bog‘landilar. U kompaniya chet elliklar bilan tuzilgan shartnomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya Mudofaa vazirligiga yuborishini ma’lum qildi.
Frontga jo‘natishdan oldin "WorkVia" yollanma askarlarni mashg‘ulot lageriga yuboradi, u yerda ko‘pchilik o‘sha "Baba Yaga" haykali bilan birga suratga tushadi. Ushbu joyni topish uchun jurnalistlar Rossiyadagi yuzlab pioner lagerlari va dam olish maskanlarini, shuningdek, mamlakat bo‘ylab o‘nlab ertak qahramoni haykallarini o‘rganib chiqdilar.
Ko‘p kunlik qidiruvlardan so‘ng, bu Yaroslavl viloyatidagi "Yasnie zori" sanatoriysi ekani aniqlandi. Baba Yaga haykaligina emas, balki tovuq oyoqli kulba, o‘rmon so‘qmoqlari, foyedagi divanlar va binolar fasadlari ham mos keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya ommaviy axborot vositalari bu sanatoriyda "erkaklarni maxsus harbiy operasiyaga yuboradigan markaz ochilgani" haqida ochiq xabar bergan edi. U yerda, shuningdek, Ukrainadagi urush qatnashchilari ham dam olishadi, deyiladi xabarda.