Energetika vazirligi Boysun tumanidagi "M-25" koni hududida tarkibida neft saqlovchi suyuqlikning (neft suyuqligi) yer yuzasiga chiqishi holati yuzasidan rasmiy xabar berdi.
Mazkur neft suyuqligi tarqalishining oldini olish maqsadida hudud atrofida hamda soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etilgan.
Yig‘ib olingan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus maydonga olib chiqilmoqda. U yerda hajmi 5 000 kub metr bo‘lgan, maxsus izolyasiyalangan 2 ta shlam hovuzi mavjud bo‘lib, u neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.
Barcha ishlar amaldagi sanoat va ekologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borilmoqda.
Neft suyuqligi namunasi bo‘yicha tahlil ishlari olib borilmoqda. Uning natijalariga asosan qayta ishlash imkoniyatlari o‘rganiladi, geologik tadqiqotlar esa davom etmoqda.
Hozirgi kunda holat doimiy monitoringda bo‘lib, neft suyuqligi jilovlangan. Dastlabki kunlarda chiqib kanalga oqqan neft suyuqliklarini tozalash ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi.
Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingan.