Telekanalning manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berishidan bir necha kun oldin Tehron Tramp ma’muriyatiga murojaat yuborgan va agar bu hujum yuz bersa, Qo‘shma Shtatlar hududida “uxlab yotgan” terrorchilik tuzilmalarini faollashtirish bilan tahdid qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xabar o‘tgan hafta Kanadada bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” (G7) sammitida vositachi orqali AQSh prezidentiga yetkazilgan.
"Ushbu murojaatda, shuningdek, Eron AQShdagi tarmoqlarga kiberhujumlar uyushtirishi va 2020 yilda “Quds” kuchlari generali Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishida ayblanayotgan Qo‘shma Shtatlarning amaldagi va sobiq hukumati amaldorlarini nishonga olish ehtimoli haqida ogohlantirilgan", deyiladi NBC xabarida.
Oq uy telekanalning bu xabarga tushuntirish berish so‘roviga javob bermagan, Eronning BMTdagi missiyasi esa unga izoh berishdan bosh tortgan.