Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Navoyda tuppa-tuzuk fermer firibgarga aylandi

Navoyda tuppa-tuzuk fermer firibgarga aylandi

Bu dunyoda izoh talab qilmaydigan shunday bir haqiqat bor: jinoiy yo‘l bilan topilgan boylik hech kimga, hech qachon buyurmaydi, nohalol luqmadan biron kimsa o‘sib-unmagan, baraka topmagan. Quyidagi jinoyat tafsiloti ham shu haqda.

Mirzoqul Yorkeldiyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) yax­shi niyat bilan fermer xo‘jaligi tashkil etdi. Tuman ho­kimining 2003 yil 14 apreldagi qaroriga asosan «T. I.» fermer xo‘jaligiga 150 gektar sug‘oriladigan yer maydoni uzumchilik barpo etish uchun 50 yil muddatga ijaraga berildi.

Uzumchilik juda serdaromad soha, bir kilogramm mayizning narxi bozorda falon pul. Mehnatdan qochmagan fermer nafaqat o‘zining, balki yoniga bel bog‘lab ishga kirgan bir necha oila a’zolarining ham kam-ko‘stini to‘kis qiladi.

Avval-boshda fermer xo‘jaligi rahbari M. Yorkeldiyevning ishlari baroridan keldi. Shu sababli, tuman hokimining 2014 yil 12 maydagi qarori bilan u rahbarlik qilayotgan fermer xo‘­jaligiga 135-konturdan qo‘shimcha 10,5 gektar yer 49 yil muddatga ijaraga ajratib berildi.

Hammasi shundan so‘ng boshlanadi. Aniqroq aytganda, M. Yorkeldiyevning fermer xo‘jaligiga ajratilgan 10,5 gektar tokzorning chegaradosh qismi 135-kontur hududiga qarashli bo‘lib, 6-7 gektar bo‘sh yer maydoni bor edi. Bu yer maydoni tuman hokimligi zaxirasidagi yer hisoblanardi.

Shu o‘rinda masalaga oydinlik kiritish uchun bir holatdan aziz gazetxonni xabardor qilish kerak. Gap shundaki, 2015 yilda tuman «Er-mulk kadas­tri» davlat unitar korxonasi xodimi J. Sharofiddinov 135-konturdagi bo‘sh yotgan maydonga kelib, to‘rt nafar fuqaroga 42 sotix yer maydonini uy-joy qu­rish uchun o‘lchab beradi. Mirzoqul Yor­keldiyev buning sababini so‘raganida J. Sharofiddinov «Bu fuqarolar 2011 yilda tumanda uy-joy uchun o‘tkazilgan «Kimoshdi» savdosida g‘olib chiqqan, shu sabab ularga yer o‘lchab berildi», deydi.

M. Yorkeldiyev tok ekib, uzumchilik bilan shug‘ullanayotgan yerning bo‘sh turgan chegaradosh qismi tuman ho­kimligi zaxira yer maydoni ekanligiga shunda to‘la ishonch hosil qiladi. Ammo shayton qutqusi unga tinchlik bermaydi.

Dastlab M. Yorkeldiyev YU. Qodirqulovning ishonchiga kiradi, uni aldab o‘zi­ni yer-joy sotishga vakolatli shaxs qilib ko‘rsatadi.

Navandak qishlog‘i xududida joylashgan 135-konturning tuman zaxira yer maydoni hisobida turgan qismidan fuqarolarga yer-joy sotayotganini aytadi. Uy-joy qu­rish uchun yer ajratib berishga vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, 2016 yilning bahorida fuqaro YU. Qodirqulovga 12 sotix yer o‘lchab berib, uning 5 million 200 ming so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

U huzuriga uy-joy qurish uchun yer so‘­rab kelgan fuqaro Z. Suyarqulovga esa, u shunday deydi: Yerni o‘lchab be­raman. Lekin uy-joyga hujjatni rasmiylashtirishga va’da qilmayman. Bu ish bosh­qa yer-joy olganlar kabi sizning zimmangizda qoladi.

Fuqaro Z. Suyarqulov bunga rozi bo‘ladi. 12 sotixdan ikkita 24 sotix yer-joy uchun Mirzoqul Yorqulovga u 10 million so‘m beradi.

Tabiiyki, hamma joyda uy-joy qu­rish uchun yer olishga talabgorlar ko‘p. Yuqoridagi holdan xabardor bo‘lganlar M. Yorkeldiyevning huzuriga yer so‘­rab kelaverishadi. Qisqasi, firibgarlik yo‘liga kirgan M. Yorkeldiyev 2016 yilning martidan 2019 yilning oktyabr oyiga qadar 29 nafar fuqaroni aldab, yer-joy o‘lchab bergan va ulardan jami 227 million 200 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni takroran firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

— Aybimga to‘liq iqror va pushaymonman, — deydi sudda M. Yorkeldiyev. — 2019 yilda sog‘lig‘im yomonlashgandi, fermer xo‘jaligi raisligini akam E. Yorkeldiyevga topshirdim. Hozir o‘zim fermer xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib ishlayapman.

Sudlanuvchi M. Yorkeldiyev 29 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan 227 million 200 ming so‘m miqdoridagi zararni to‘liq qoplagan. Shu sababdan jabr­lanuvchilarning hammasi sudda M. Yorkeldiyevga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirishib, unga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘rashdi.

Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi M. Yorkeldiyevning jinoiy harakati Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 168-moddasi 2-qismi «b» bandi (eski tahrirdagi) va 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan, degan xulosaga keldi.

Endi sudlanuvchi M. Yorkeldiyevga nisbatan jazo tayinlash masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksining 33-moddasi 2-qismiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Negaki, bu o‘rinda agar shaxs sodir etgan qilmishda Jinoyat kodeksining Maxsus qismi ayni bir moddasi turli qism­larida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud bo‘lsa, u moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladi, deya qayd etilgan.

Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan ji­noyat­ uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘­risida»gi qarori 49-bandida shaxs Jinoyat kodeksining maxsus qismi ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan o‘xshash qilmishni sodir etganlikda aybdor deb topilganda, jazo shu moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘­yicha tayinlanishi haqida rahbariy tushuntirish berilgan.

Sud yuqorida tilga olingan qonun va Oliy sud Plenumi qarori tushuntirishlaridan kelib chiqib, sudlanuvchi M. Yorkeldiyevni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan javobgarlikka tortishni lozim hisobladi.

Sud Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘­risida»gi qarori 3-bandi rahbariy ko‘rsatmalariga tayandi. Ushbu bandda «Jinoyat kodeksining 8, 54-moddalari mazmuniga ko‘­ra, jazo adolatli bo‘lishi — har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyat­ning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi ho­lat­larga muvofiq bo‘lishi kerak»ligi qayd etilgan.

Sud sudlanuvchiga nisbatan jazo ta­yinlashda aybiga iqror va chin ko‘ngildan pushaymonligi, yashash joyidan ijobiy tavsifga ega ekanligi, oilaviy sharoitini jazoni yengillashtiruvchi holat deb topdi. Jinoyatni g‘a­razgo‘ylik niyatida sodir etganligini, Jinoyat kodeksining 56-moddasiga asosan, jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholadi. Yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga oldi. Yashash joyidan ijobiy tavsifga ega ekanligini e’tiborda tutib, Jinoyat kodeksining odillik va insonparvarlik tamoyillariga hamda Oliy sud Plenumining dasturiy ko‘rsatmalariga amal qilgan holda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi sank­siya­si doirasida ish haqining yigirma foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda ikki yil olti oyga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Guvohi bo‘lganingizdek, avvalida alohida ta’kidlaganimiz kabi aldov va firib yo‘li bilan topilgan boylik Mirzoqul Yorkeldiyevga buyurmadi. Jabrlanuvchilarga yetkazgan zararlarni to‘liq qopladi, topgani — obro‘sini tushirib, el-yurt oldida uyatga qolgani bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, nonning ha­loli shirin. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz bekorga «Yarimta non — huzuri jon» deyishmagan.

Aldov, firib, umuman, jinoiy yo‘l bilan topilgan nohalol boylik hech kimga, hech qachon buyurmaydi.

Suyun BO‘TAYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Xatirchi tuman sudining raisi,

Abduhamid XUDOYBERDIYEV,

jurnalist

Kiritildi: 10:26 29.10.2020. O'qildi: 2248 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!