Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Navoiyda nohaq ayblangan tuman IIB o‘rinbosari oqlandi

Navoiyda nohaq ayblangan tuman IIB o‘rinbosari oqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 2019 yil 4 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, D.Soliyevga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan yoki shartli harflar bilan belgilangan) O‘zbekiston Respublikasi JK 206-moddasining 1-qismi bilan JKning 70-moddasiga asosan jazo tayinlanmasdan hukm chiqarilgan.

Sudning hukmiga ko‘ra, D.Soliyev 2017 yil 18 apreldan Uchquduq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari-huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelib, 2019 yil 06 aprel kuni soat 09:30 larda Uchquduq tuman IIB navbatchilik qismining fuqaro I.ning dori ichib, o‘z joniga suiqasd qilganligi haqida tuman prokuraturasiga bergan xabariga ko‘ra, tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchi T.Ochilov, tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori M. va tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili L.dan iborat tarkibdagi tergov-tezkor guruhi fuqaro I.ga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 2-sonli tibbiy-sanitariya qismiga yetib kelishib, hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritilayotgan vaqtida, u yerga tuman IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi boshlig‘i D.Soliyev yetib kelgan.

Shundan so‘ng, D.Soliyev tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori M.dan voqea tafsilotlari haqida so‘rab surishtirib, fuqaro I. qanday dori ichganligini so‘raydi. Shu vaqtda tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish o‘rganuvchi T.Ochilov, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 36-moddasida belgilangan tergovchining vakolatlaridan foydalanib, M.ga shifokor xonasidan I. iste’mol qilgan dori idishlarini olib chiqishini va zudlik bilan birgalikda hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishga borishlari lozimligini aytadi. D.Soliyev T.Ochilovga biroz kutib turishini, xodim unga voqea tafsilotlari haqida axborot berayotgani haqida aytadi. T.Ochilov esa M.ga yana shifokor xonasidan I. iste’mol qilgan dori idishlarini olib chiqishini aytadi. Shunda D.Soliyevning jahli chiqib, T.Ochilovga xodim unga axborot berishni tugatmagani, dori idishlarini olib chiqish profilaktika inspektorining vakolatiga kirmasligini, daliliy ashyolar hodisa sodir bo‘lgan joydan rasmiylashtirilib olinishi lozimligini, shu sababli uning o‘zi dori idishlarini olib chiqishini aytadi. Shunda T.Ochilovning jahli chiqib, D.Soliyevga “ket bu yerdan” deya uni sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘z bilan haqorat qiladi. Bunga javoban D.Soliyev ham T.Ochilovga qarata “Meni bunday qilish senga emas, sen oldin forma kiy, sen prokuror bo‘lgunga qadar men pensiyaga chiqaman” deya uni sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘z bilan haqorat qilib, o‘ng yuziga bir marta shapaloq bilan urgan.  

O‘zbekiston Respublikasi JK 206-moddasining 1-qismida, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘ziga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etishi, fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan D.Soliyev T.Ochilovni haqorat qilganligi, bir shapaloq urganligini D.Soliyev mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, T.Ochilovning qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan deb baholangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 15 sentyabrdagi “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 23-sonli Qarorining 4.5-bandi talabiga ko‘ra, mansabdorlik jinoyatiga xos jinoiy oqibat - jiddiy ziyon bo‘lib, u o‘z xususiyati va ko‘lamiga ko‘ra ko‘p miqdorni tashkil etadi. Jinoyat tugallangan deb tan olinishi uchun zarar amalda yetkazilgan bo‘lishi shart.

Jiddiy ziyon tushunchasi o‘z ichiga hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati uchun xos bo‘lgan jabrlanuvchining hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni ham oladi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 9-moddasida, shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo‘lishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 22-moddasida, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozimligi qayd etilgan.

Biroq, dastlabki tergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan yuqoridagi Qonun hamda Plenum qarori talablariga rioya qilinmagan.

Bundan tashqari, dastlabkitergov organi va birinchi bosqich sudi tomonidan D.Soliyevning aybi ishonchli hamda maqbul dalillar bilan isbotlanmagan hamda uning mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, T.Ochilovning qonuniy manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazganligini namoyon etuvchi ishonchga sazovor va maqbul dalillar to‘planmagan.

2019 yil dekabr oyining 17 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi apellyasiya instansiyasi sudlov hay’ati, yuqoridagilarga asosan, sud hukmining D.Soliyevni aybli deb topish qismini bekor qilib, D.Soliyevni O‘zbekiston Respublikasi JK 206-moddasining 1-kismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topib, JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan oqlashni lozim topdi.

 

Azizjon Safarov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Navoiy viloyat sudi sudyasi

Kiritildi: 11:24 04.01.2020. O'qildi: 2988 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!