Navoiy viloyatining Xatirchi va Navbahor tumanlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy qimor o‘yinlarini tashkil etgan jinoiy guruhlar faoliyati fosh etildi.
Bu haqda Navoiy viloyatt IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov ma’lum qilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyat boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar olib borilgan. Unda Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I.Q.ning o‘z yashash xonadonida qimorxona tashkil etgani aniqlangan. I.Q. o‘zining bir guruh tanishlari bilan moddiy manfaat evaziga qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni o‘ynayotgan paytda qo‘lga olingan. «O‘yin» ishtirokchilari jami 12 million 150 ming so‘m pul evaziga maxsus o‘yin kartalari bilan qimor o‘ynayotgan bo‘lishgan.
Xuddi shunga o‘xshash holat viloyatning Navbahor tumanida ham aniqlangan. SH.M. ismli shaxs o‘z xonadonida 35-40 nafarga yaqin fuqaroni jamlab, xo‘roz urishtirish o‘yinini tashkil etgan. Ma’lum bo‘lishicha, qimor o‘yini tomoshasiga kelgan fuqarolarning har biridan 20 ming so‘mdan, xo‘roz urishtirishda qatnashganlardan esa 1 million so‘mdan 5 million so‘mgacha mablag‘lar yig‘ib olingan.
«Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari huquqbuzarlarni noqonuniy o‘yin ustida ushlashdi. Tekshiruv davomida xo‘roz urishtirish orqali yig‘ib olingan 1 million 100 ming so‘m pul mablag‘i hamda 7 ta «jangchi» xo‘roz uy egasidan musodara qilib olindi», - dedi Fayozjon Qosimov.
Ayni paytda har ikki holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.