Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning "Instagram"dagi sahifasida siyosatchi o‘zining «Rosfinmonitoring» tomonidan terrorchi va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilganini izohlagan post paydo bo‘ldi.
«Yangilik haqida xabar berishdi: endi men butunlay terrorchiman. Ya’ni kechagi kundan boshlab rasman terrorchilar ro‘yxatiga kiritildim. Umuman hayron qolmadim. Nima uchunligini bilasizmi? Chunki kecha va undan oldingi kunlari gubernator Qodirovning qo‘l ostidagilar Nijniy Novgorodda federal sudyaning xotinini qorda yalangayoq sudrab, o‘g‘irlab ketganini o‘qib, hayron qolgandim…
Va bularning barchasini «jin ursin, bunaqasi bo‘lishi mumkin emas», deya o‘qidim. Shu jumladan, men sudyaga "siz jinoyat huquqini butunlay buzdingiz", deganim uchun ayni vaqtda menga nisbatan jinoyat ishi sudga oshirilmoqda. Shunchaki gapirganman, hech kimni o‘g‘irlamadim, qorda sudramadim. Lekin — jinoyat ishi», — deyiladi postda.
Navalniyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyadagi mavjud hokimiyat tizimida faqat «terrorchilar» bo‘lishi mumkin. «Hayron qoladigan narsa yo‘q», — deydi u.
Avvalroq, rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy terrorchilar va ekstremistlar reestriga kiritilgani haqida xabar bergan edik.
Navalniy bilan birga, uning sheriklari — Lyubov Sobol, Georgiy Alburov, Vyacheslav Gimadi, Ruslan Shaveddinov va Liliya Chanisheva ham reestrdan joy olgan. Ta’kidlanishicha, reestrga kiritilgan shaxslarning banklardagi hisob raqamlari «muzlatiladi».