Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy o‘zi hibsda bo‘lib turgan Vladimir viloyatidagi 2-axloq tuzatish koloniyasini sudga bergan. Bu haqda Navalniy "Instagram"dagi sahifasida ma’lum qildi. Uning aytishicha, qamoqxonaga o‘zi bilan olib kelgan kitoblarni berishmagan.
Uning aytishicha, qamoqxonaga o‘zi bilan bir dunyo kitob olib kelgan va yana qo‘shimcha kitoblar buyurtma qilgan. Ularni esa ekstremizm bo‘yicha tekshirish 3 oydan buyon davom etmoqda.
Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Navalniy fevral oyida Iv Roshe ishi bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilingandi. Avgust oyida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan siyosatchi davolanishni Germaniyada davom ettirgan va Rossiyaga qaytgan kunidayoq qo‘lga olingan. 31 mart kuni siyosatchi oldiga shifokorni kiritishmagani uchun ochlik e’lon qilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 13 aprel kuni uning oldiga xotinining kirishiga ruxsat berilgan. Yuliya Navalnaya siyosatchining juda ozib ketganini aytgan.