Qurilmalar Boltiqbo‘yi va O‘rtayer dengizidagi muhim infratuzilmani himoya qilish uchun ishlatiladi. Bu haqda Defense News harbiy portali xabar berdi.
So‘nggi oylarda Yevropa suvlarida suv osti kabellarining shikastlanishi bir necha bor qayd etilgan. So‘nggi qo‘poruvchilik hodisasi 18 noyabr kuni, gumon qilinayotgan Xitoyning Yi Peng 3 yuk kemasi Germaniya va Finlyandiya o‘rtasidagi aloqa kabeliga shikast yetkazganida yuz berdi.
NATOning yangi ishchi guruhi alyansga suv ustida ham, ostida ham doimiy kuzatuv olib borish, shuningdek, shubhali harakatlar haqida zudlik bilan xabar berish imkonini beradi. Maqsad - NATO yurisdiksiyasi ostidagi suvlarni kechayu kunduz monitoring qilish.
NATOning konseptual rivojlanish va transformasiyalar qo‘mondoni admiral Per Vandiyerning so‘zlariga ko‘ra, uning jamoasi flotni rivojlantirishning dastlabki bosqichida. Biroq, Vandiyer Defense News nashriga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, loyiha allaqachon NATO dengiz qo‘mondonligi (Marcom) va NATO ittifoqdosh qo‘mondonligi (Saceur) tomonidan «katta yordam» oldi.
«AQSh Fors ko‘rfazida 59-sonli ishchi guruhini yillar davomida ishlatib kelmoqda, shuning uchun bularning barchasi amalda ma’lum va sinovdan o‘tgan. Bu texnologiyani rivojlantirishdan ko‘ra ko‘proq mavjud tajribani amalga oshirish haqida», dedi Vandiyer Defense News nashriga bergan intervyusida.
Task Force 59 2021 yilda yaratilgan bo‘lib, asosiy e’tibor uchuvchisiz tizimlar va sun’iy intellektning integrasiyasiga qaratilgan. U Bahraynda joylashgan bo‘lib, uchuvchisiz samolyotlar va boshqariladigan kemalar bilan birgalikda foydalaniladigan boshqa uchuvchisiz qurilmalarni o‘z ichiga oladi.
Dron kuzatuv floti 2025 yil iyun oyida Niderlandiyada bo‘lib o‘tadigan NATOning navbatdagi sammitigacha ishga tushishi kerak, dedi Vandiyer.