Bugun 12 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

NATO Rossiyaga jiddiy javob hozirlamoqda

NATO Rossiyaga jiddiy javob hozirlamoqda

Kelgusi hafta NATO yadro qurolini qo‘llashga aloqador keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Avvalroq Shimoliy alyans davlatlari Rossiya bilan chegara hududlarda jangovar dronlarni joylashtirish rejasini e’lon qilgandi. Ko‘rilayotgan bu kabi keskin choralar Rossiyaning oshib borayotgan tahdidiga javob o‘laroq baholanmoqda.

13 oktyabr kuni Niderlandiyada NATOning yadro tiyib turishiga doir harbiy mashg‘ulotlari boshlanadi. Steadfast Noon deb atalgan dasturda 14 davlat 71 ta samolyot bilan qatnashadi. Mashg‘ulotlarga Tornado va Eurofighter qiruvchi samolyotlaridan tashqari AQShning F-35 uchoqlari ham jalb etiladi.

Ushbu harbiy mashg‘ulotlar Yevropa havo hududi daxlsizligi Rossiyaga tegishli deb gumon qilinayotgan dronlar tomonidan ko‘p bora buzilishi ortidan o‘tkazilmoqda. NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham yadro tiyib turish tizimi ishonchliligini ko‘rsatish orqali ehtimoliy raqibga aniq-tiniq signal yo‘llash ko‘zda tutilganini aytgan.

Bir necha kun avval NATO Rossiyaning provokasion harakatlariga javoban sarhadlarda jangovar dronlar joylashtirilishini ma’lum qilgandi. Harbiy ittifoq Rossiyaning jangovar faolligini o‘rganish uchun razvedka dronlarini ishga solish, shuningdek, sharqiy sarhadlarda kuzatuv olib borayotgan uchuvchilarga tahdid tug‘diradigan ob’ektlarni urib tushirish vakolatini berishni muhokama qilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya NATO davlatlariga nisbatan harbiy provokasiyalar uyushtirayotgani aytilmoqda.

Yaqinda Rossiyaning MiG-31 qiruvchi uchog‘i Estoniya havo hududida 12 daqiqa davomida bo‘lgani xabar qilingandi.

Bir oy avval esa Rossiyaning 20 ga yaqin droni Polsha hududini buzib kirgan. Finlyandiya, Latviya, Litva, Norvegiya va Ruminiya havo hududi ham shu tariqa buzilgan.

Dronlar xuruji sabab NATO davlatlaridagi bir qator aeroportlar faoliyati izdan chiqqan.

Ushbu hodisalar ortidan NATO bergan bayonotda ittifoqchi davlatlar havo hududini buzganlik uchun to‘liq javobgarlik Rossiya gardanida ekani ta’kidlangan.

“NATO va uning ittifoqchilari o‘z-o‘zini mudofaa etish va hamma yo‘nalishlarda har qanday tahdidlarga javob berish uchun barcha harbiy va noharbiy choralarni ishga solishiga Rossiya shubhalanmasligi kerak”, – deya Kremlni provokasion harakatlardan tiyilishga chaqirgan edi NATO rahbariyati 23 centyabr kuni.

Rossiya tomoni dronlar hujumiga aloqadorligini rad etgan.

«Turli gibrid va yashirin harakatlar, jumladan, kiberhujumlar, dronlar hamlasi yoki muhim infrastruktura ob’ektlari faoliyatini to‘xtatishga urinishlarga javob berish uchun NATO o‘z ittifoqchilar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Maqsad – (dushmanni) tiyib turish va (sarhadlarni) himoya qilish bo‘yicha kafolatlangan choralarni ko‘rish. Biz voqealar rivojiga ko‘ra vaziyatga moslashishda davom etamiz», – degan NATO rasmiy vakili Newsweek nashriga bergan intervyusida.

Endilikda NATO davlatlari Moskva tahdidiga shunchaki bayonotlar bilan emas, amaliy harakat bilan javob berishga o‘tmoqda. Ayni choqda, harbiy alyans davlatlari bu borada yakdil emasligi, ayrim davlatlar yadro quroliga ega Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ixtilofni alangalatmaslikni ma’qul ko‘rayotgani aytilmoqda.

Evropa parlamenti ham 9 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi hududini buzib kirgan Rossiya dronlari va uchoqlarini urib tushirishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi. Qonun loyihasini 469 deputat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 97 nafari rad etgan. 38 qonun ijodkori ovoz berishdan tiyilgan.

Qonun hujjatida Mosvaning xatti-harakatlari «davlat tomonidan terrorizmni dastaklash» deya qoralangan. Sarhadlar bo‘ylab dronlar devorini barpo etish muhimligi ham ta’kidlangan.

Rossiya va NATO o‘rtasidagi taranglik tobora kuchaymoqda.

Joriy yil 12-16 sentyabr kunlari Rossiya Belarus bilan hamkorlikda “Zapad-2025” strategik harbiy o‘quvini tashkil etdi. Harbiy razvedka bo‘yicha tahlilchi Rebekka Kofflerning yozishicha, Rossiya armiyasi mazkur mashg‘ulotlarda taktik yadro qurolini ishga solishni ham mashq qildi. Jarayonga harbiy formada kiygan Putin boshchilik qildi.

Ta’kidlanishicha, Rossiya ham, G‘arb ham yadro urushini istamaydi, ammo tobora qaltis tus olayotgan vaziyat yadro urushi ehtimoli har qachongidan ham kuchliroq ekanidan dalolat beradi.

Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.

Oldinroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan edi.

Kiritildi: 12:50 11.10.2025. O'qildi: 953 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!