9 oktyabr, payshanba kuni kechqurun AQShning Virjiniya shtatida sudyalar hay’ati AQSh prezidenti Donald Trampning taniqli raqibi, Nyu-York bosh prokurori Letisiya Jeymsni bank firibgarligida aybladi. Avvalroq xuddi shunday ayblovlar shu shtatda Trampning yana bir taniqli tanqidchisi, FTB sobiq direktori Jeyms Komiga nisbatan ilgari surilgan edi.
Jeyms va Komiga qarshi ishlarni Tramp tomonidan tayinlangan prokuror Lindsi Halligan boshlagan. Undan oldingi amaldor Jeyms va Komini jinoiy javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarli emasligini e’lon qilib, avvalroq iste’foga chiqqan edi.
Ayblovga ko‘ra, Jeyms 2020 yilda Virjiniyadagi mulkni sotib olish uchun qulay kredit shartlarini olish maqsadida yolg‘on ma’lumot bergan.
Matbuot uchun bergan bayonotida Letisiya Jeyms barcha ayblovlarni rad etib, ularni «asossiz» deb atadi va Tramp «faqat siyosiy qasos olish istagi bilan harakat qilayotganini» bildirdi.