Mazkur holat Narpay tumani Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, «Istiqlol» MFY hududida faoliyat yurituvchi «Hamida Yusufova» fermer xo‘jaligi arizasida ko‘rsatilgan 650 tup terak daraxti G‘o‘lba massivi hududida joylashgan.
Davlat kadastrlar palatasi Samarqand viloyati boshqarmasining Narpay tumani filiali tomonidan 2026 yil 20 iyulda berilgan tasdiqlangan xatda ushbu teraklar «Hamida Yusufova» fermer xo‘jaligi hududida ekilgani qayd etilgan.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulki bo‘lgan hamda qurilish materiali yoki hosil olish maqsadida maxsus ekilgan ayrim daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Jumladan, tegishli tartib Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi qarorlari hamda «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 45-moddasi bilan belgilangan.
Qonunchilikda yog‘och olish yoki meva yetishtirish maqsadida maxsus ekilgan, jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli daraxt va butalarni, jumladan, teraklarni kesish uchun ruxsatnoma talab qilinmasligi ko‘rsatilgan.
Shu sababli, o‘rganish yakuniga ko‘ra, «Hamida Yusufova» fermer xo‘jaligi hududida ekilgan 650 tup terak daraxtining kesilgani amaldagi qonunchilik talablari doirasida baholangan.