Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Namanganlik qassob yigit: "Odamlarga qurtlagan go‘sht sotib aldagani uchun qassoblar uzoq yashamaydi"

Namanganlik qassob yigit: "Odamlarga qurtlagan go‘sht sotib aldagani uchun qassoblar uzoq yashamaydi"

«Daryo» ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega, biroq jamoatchilik e’tiboridan ko‘pincha chetda qoladigan kasb egalari bilan suhbat qilmoqda. «Soyadagi odamlar» loyihasining bu galgi qahramoni sakkiz yildan buyon qassoblik qilayotgan yigit.

Mirzoozod Mirzane’matov 1994 yilda Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. Ayni paytda Namangan davlat universitetida tahsil olmoqda.

Qassoblik ota meros kasb. Dadam ham, amakilarim ham, umuman butun qarindosh urug‘imiz shu ish bilan shug‘ullanadi. Azaldan oilada o‘g‘il farzand tug‘ilsa, u qaysi kasbni tanlashidan qat’iy nazar qassoblikni o‘rganishi vasiyat qilingan. Bobom otamga, otam esa menga o‘rgatgan. Xullas, men ana shu an’anani davom ettirayotgan ettinchi avlodman.

Kichkinaligimda dadam amakivachcham ikkimizni molbozorga olib borar, «ko‘zi pishsin» deb jonivorlarni qanday so‘yilishidan tortib to go‘sht holiga kelishigacha ko‘rsatardilar. Esimda, birinchi marta kushxonada (jonivorlarni so‘yish uchun mo‘ljallangan joy) sigirning bo‘g‘ziga pichoq tortilganini ko‘rib yig‘lab yuborganman. Men tengi yigitlarda esa bu holat kuzatilmagan.

Har kim ham qassob bo‘lolmaydi

Qassob chamalashda ko‘zi pishiq, baquvvat, hisob-kitobda zehni o‘tkir, savdoda esa tili shirin bo‘lishi lozim. Uning birinchi prinsipi halollik, adolat bo‘lishi kerak. Odam ajratmay boyga ham, kambag‘alga ham bir xil munosabatda bo‘lishi shart. Bu mansabdor ekan deb unga go‘shtning lahm joyidan berib, oddiy insonlarga esa bunga ko‘proq suyak qo‘shsam ham bo‘laveradi deb o‘ylamasligi lozim.

Faqat ayollar va yosh bolalar bundan mustasno, chunki ikkalasining ham xo‘jayini bor. Ayol yaxshi go‘sht olib bormasa, qaynana-qaynatasi yoki eridan gap eshitishi mumkin. Bir kilogramm go‘shtga odatda 150-200 gramm suyak solinsa, ayrim qassoblar bolalarga bilmaydi deb 300 gramm suyak qo‘shib beradi. Bola farqiga bormaydi. Berganingizni indamay ko‘tarib ketaveradi. Lekin buni insofsizlik deb bilaman.

Qassob rahmdil bo‘lmasligi kerak

Alhamdulillah musulmonmiz. Har doim biror ishni «Bilmillahir rohmani rohiym» deb boshlaymiz. Qassoblar esa barcha hayvonlarni  «Ba farmoni Xudo, sunnati Rasululloh Allohi akbar» (Xudoning farmoyishi, Rasulning sunnati bilan) deb so‘yadi. Chunki jonivor bo‘yniga pichoq tortayotib qassob rahmdil bo‘lishi kerak emas.

Kattalar pichog‘ing o‘tkir bo‘lsin deb ko‘p aytishadi. Sababi, pichog‘ingiz qanchalik o‘tkir bo‘lsa, siz so‘yayotgan jonivor shunchalik kam azob chekadi.

Jonivorlar kushxonada so‘yilishi kerak

Oldinlari jonivorlarni qassoblarning o‘zi so‘ygan. Hozir esa kushxonadagilar so‘yib beradi.

To‘g‘ri, hozir ham uyida yoki molboqarnikida so‘yadiganlar bor. Lekin qonun bo‘yicha hayvonlar faqat kushxonada so‘yilishi kerak. Chunki bu yerda veterinar go‘shtni ko‘rib, laboratoriyadan o‘tkazadi, iste’molga yaroqlimi yo yo‘qmi, tekshiradi. Agar u yaroqli bo‘lsa, go‘shtga muhr urib, ma’lumotnoma yozib beriladi.

Bizning tumanda ham ikkita kushxona bor. Bitta odam doim mol so‘yish, kimdir go‘sht tashish bilan shug‘ullanadi. Xizmati – bir kilogramm go‘shtni puli. O‘zi so‘yib, ko‘ngildagidek qilib, molni o‘n bo‘lakka bo‘lib beradi.

Oldin go‘shtni plastik kartaga qimmatga sotardik

Bir necha yil oldin plastik kartadagi pulni naqd qilib olish muammo bo‘lgan. Plastik kartaga sigir sotib olishning iloji yo‘q. Molboqarga plastikni berib yechib oling deyolmaysiz. Oxiri bankdan kartani 30 foizga bo‘lsa ham naqdlashtirib, zarar qilganmiz. Xarajatlarni chiqarolmay, oxiri go‘shtlarni plastik kartaga sal qimmatroq sotganmiz.

Ikki narxni ko‘rib,  «plastik pulmasmi? Davlat oyligimizni shunga tushirib bersa, biz nima qilaylik» deb janjallashgan xaridorlar ko‘p bo‘lgan. Xalqdan qancha dashnomlarni eshitganmiz. Buning orqasidan qo‘lga tushib qolib, millionlab jarima to‘lagan qassoblar ham bor. Xudoga shukr, hozir bu muammo emas. Shuning uchun plastikka ham, naqd pulga ham narx bir xil.

Yonimizda savdo qiladigan qassoblar o‘rtasida ham ko‘p kelishmovchiliklar chiqib turadi. Misol uchun, «menda yanada sifatli go‘sht bor» deb mijozni chaqirib oladi. Yoki arzonga sotsam yonimdagilarni jahli chiqib, me’yorni buzma deyishadi. Shuning uchun el qatori sotishga majburmiz.

Odamlarni aldab vaziyatdan chiqqanmiz

Davlat shakar, go‘sht, non, un narxini nazorat qiladi. Shu bois mahsulotlarning narxi ko‘tarilib ketmaydi. Bizda zaxiradagi go‘sht mahsulotlari bor. Bundan tashqari, fermerlar bilan kelishgan holda go‘shtlarini olib, bozorda arzonga sotishadi. Lekin baribir hammaga yetkazib bo‘lmaydi, tez tugaydi.

Ba’zan shunday holatlar bo‘ladi, ma’sullar kelib, «mana shunchadan sotasan, bo‘lmasa qassobxodagi go‘shtning hammasini musodara qilamiz», deydi. Ochig‘ini aytaman, vaqti kelganda qassobxonaga o‘shalar aytgan narxni yopishtirib qo‘yib, o‘zimiz bilgan pulga sotganmiz. Xullas, ziyonga ishlamaslik uchun odamlarni aldab, vaziyatdan chiqishga to‘g‘ri kelgan.

Qassoblarning daromadi qancha?

Azaldan qassoblarning el orasida hurmati baland bo‘lgan, yaxshi yashashgan. Hozir ham daromadi yomon emas. Bemalol chet elda sayohat qilib keladigan darajada emas-u, lekin bemalol qiz chiqarib, o‘g‘il uylay oladi. Juda ortib ketsa, bitta Chevrolet olib minishi mumkin.

Amakim misolida aytadigan bo‘lsam, bir oyda o‘ntacha mol so‘yadi. Bozordagi soliqlar, shartnoma pullarini hisobga olmaganda o‘rtacha 3—4 million atrofida daromad qiladi. O‘g‘li hozir chet elda o‘qiydi.

Qassoblarning ham o‘z «kliyent»lari bo‘ladi

Dadam tumanimizdagi eng tanilgan qassoblardan. 25—30 yillik mijozlari bor. Ular shunchalar sodiqki, go‘sht olish uchun bozorga kelganida bizning qassobxona qulf bo‘lsa, ertaga go‘sht yerkanmiz deb ketaveradi. Yo‘lida o‘nlab qassobxonalar bor, lekin ulardan olmaydi. Chunki yillar davomida bizdan biror marta suyakli, sifatsiz go‘sht olmagan.

Eng shirin go‘sht qayerda?

Sigirning biqin qismida suyakka yopishgan go‘sht bor. Taxminan ikki kilogramm chiqadi. Xalq tilida u «pushti mag‘iz» deyiladi. Juda shirin va yumshoq bo‘ladi. Eshitishimcha, aksariyat supermarketlar uni alohida qilib, ancha qimmatga sotarkan. Lekin bizning tumanda oddiy go‘shtga qo‘shib beriladi.

Qo‘y sonining ichida qo‘yanchiq degan bez bor. Ana shuni odam yesa shol bo‘lib qoladi. Hamma qassoblar olib tashlaydi.

Jonivorni so‘yib, oyoq-qo‘llarini ikkiga ajratilayotganda kurak suyagi chiqadi. Uning go‘shtini shilib olib, boltaning orqasi bilan ikkita joyidan bo‘lib, keyin axlatga tashlab yuboriladi.

Kichkinaligimda qiziqib, dadamdan bu haqda so‘raganimda, dadam «sindirsang halol, sindirmasang harom bo‘ladi. Tashlab yuborsak-da, ikkiga bo‘lib qo‘yishimiz kerak. Chunki u hech qachon chirimaydi. Shunday ocharchilik zamoni kelarkanki, odamlar nima yeyishni bilmasdan yerni qovlaydi. Uni topib, agar sindirilgan bo‘lsa halol deb qaynatib ichisharkan. Bo‘lmasa yo‘q», deb javob bergandilar. Shu-shu men ham suyakni ikkiga ajratib qo‘yadigan bo‘lganman.

Qassoblarning piri kim?

Masalan, temir piri Dovud payg‘ambar bo‘lsa, bizniki Said Vaqqos degan inson. Samarqandda ziyoratgohi ham bor. U dunyodagi birinchi qassob hisoblanadi. Rivoyatlarga qaraganda, bir avliyo inson Xudodan «jannatda kim menga qo‘shnilik qiladi? Qaysi payg‘ambar yoki avliyo bilan jannatda hamxona bo‘laman» deganida Xudoyim «sen hech qanday avliyo bilan emas, oddiy bir inson – Said Vaqqos bilan qo‘shni bo‘lasan», degan ekan. Qanday fazilati borki, menga qo‘shni bo‘ladi deb, uni qidirib keladi. Avliyo tilanchi qiyofasiga kirib, «birodar, qornim juda och» deb, Said Vaqqosdan mehmon qilishini so‘raydi. Said Vaqqos rozi bo‘lib, uyiga taklif etadi. Biroq mehmonning oldiga qo‘ygani hech vaqosi yo‘q ekan. Shunda u Ali va Vali ismli farzandlariga qarab, «bolalarim, uyimizga mehmon keldi. Lekin yeguligimiz yo‘q. Sizlarni so‘yib, pishirib, shu odamning oldiga qo‘ysam», deb so‘raydi. Farzandlari otasi uyalib qolmasligi uchun rozi bo‘ladi. Xullas, bolalarini pishirib, dasturxonga tortiq qiladi. Avliyo tanovul qilib o‘tirib, «Said Vaqqos, farzandlardan bormi, nega ular ko‘rinmayapti?» deb so‘raydi. U «ha bor, hozir ular ko‘chaga chiqib ketgan» deydi. Shunda avliyo odam «eh Said Vaqqos, men hammasini bilib turibman. Siz bugundan boshlab qassoblarning pirisiz» deb duo qilganida, tovoqdagi go‘sht qo‘y go‘shtiga aylanib, Ali bilan Vali ko‘chadan yugurib kirib kelgan ekan. O‘sha voqeadan buyon u qassoblarning piri hisoblanadi. Shuning uchun qassoblar molni yiqitayotib, «Said Vaqqos pirim qo‘llasin» deb ish boshlaydi.

Yana bir qiziq fakt. Molboqarlar sotilmaydigan molni hech qachon qassobga ko‘rsatmaydi. U jonivor qanchalik sergo‘shtligini bilish uchun to‘shini, dumg‘azasini va qovurg‘asini ushlab ko‘radi. Shundan keyin jonivor so‘yib yuborilmasa, tez ozib ketadi. Xudoning qudrati qarangki, ular qassob kelganini biladi, sezadi. Ming quturgan buqalar ham qassobni ko‘rsa, jim bo‘lib qoladi. Yoki yuvosh mol qassobni ko‘rib, quturib ketadi.

Qassoblar uzoq yashamaydi

Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, qassoblar orasida ham noinsoflari juda ko‘p. Tarozidan uruvchilar, qo‘y go‘shtiga echki yoki kalla go‘shtini aralashtirib, suyagi qolmagan paytda molning tuyog‘ini maydalab go‘shtga qo‘shib sotuvchilar hozir ham topiladi. Hatto qurtlagan jigarni ham toza deb berib yuborganlarni ko‘rganman. Jigar lotereyadek gap. Aksariyatidan exinokokk (jigar qurti) chiqadi. Men ularni hatto itga ham bermasdim. Lekin ayrim noinsof qassoblar ana shu qurtlagan jigarni tashlamay, sotib yuboradi. Afsuski, uni suv tekin narxda olib, shashlik qiladigan oshxonalar ham bor.

Axir uni kimdir kamqon tug‘ilgan bolasiga yoki og‘zida tishi qolmagan qari onasi uchun bir amallab pul topib sotib oladi. Ko‘rib-bilib turib qanday vijdoni chidaydi, bilmayman.

Ochig‘i, men tammadixonalarda umuman jigar shashlik yemayman. Chunki 20 ta mol jigaridan kamida bittasigina yaxshi chiqadi. Bir kunda o‘rtacha hisobda 20 tacha mol so‘yilsa, oshxonalar qanday qilib kuniga yuztalab shashlikka toza jigar topadi, hayronman.

Bilasizmi, ana shuning uchun ham qassoblar uzoq yashamaydi. Shu paytgacha 80–90 yoshga kirib rihlat qilgan biror qassobni bilmayman. Hammasi 60–70 yoshga yetmay insult bo‘lib yoki bir tomoni falaj bo‘lib vafot etadi. Balki bu jazodir, bilmayman, bu mening shaxsiy fikrim

Qassobning ham ta’bi nozik bo‘lishi mumkin

Qassoblik va bozor menga ko‘p narsani o‘rgatdi, meni tarbiyaladi. Ijodkorligim ham asosan qassobxonada shakllandi. O‘sha yerda xaridorlar kelmagan payti badiiy kitoblar o‘qidim, bir qancha she’rlar yozdim.

Tirikchilik odam zotini

Solib qo‘yar har qanday ko‘yga.

Shu bugun ham kamayar dunyo

Baxtiqaro yana bir qo‘yga.

Onam aytar, turgin uyqudan,

Tongga yaqin shoshilgin o‘g‘lim.

Demak, bugun yana bitta jon

Qo‘llarimdan topadi o‘lim.

Oyog‘ini mahkamroq bog‘la,

Qattiq bog‘la, takrorlar otam.

Bo‘laqol, der go‘yo asboblar,

Pichoq, ilgak, qayrog‘-u boltam.

Eh, ona qo‘y, ona ekan u,

Uning uchun ajal berdim men.

Ko‘ziga har qaraganimda

Onalarni o‘ylar edim men.

Qasar-qusur kuydirish uchun,

Qo‘y kallasin kutardi o‘choq.

Duo, keyin kechir dedim-u,

Naq bo‘g‘zidan shart tortdim pichoq.

Oyoqlarim ostida ana

Chinqirardi, hatto yig‘lardi.

Menga emas, bolalarimga,

Achingin deb tipirchilardi...

U jon berdi, afsus, ming afsus,

Hayot shunday beshafqat ekan.

Yashash uchun kurashish zarur,

To‘yish uchun so‘yish shart ekan.

Atrof jimjit, yarimlagan tun,

Va poyimda yarim lagan qon.

Ha, odamzot yashashi uchun

Qurbon bo‘ldi yana bitta jon.

Oq ko‘ylagim qani? Men hali

Ko‘p tadbirga o‘tishim kerak.

«Chivinga ham ozor bermang» deb,

Minbarda she’r o‘qishim kerak.

Faqat meni qamrab oladi

Kuni bo‘yi dahshatli o‘ylar.

Tushlarimda ba’raydi har kun,

Onasini sog‘ingan qo‘ylar!

Odamlar rostdanam ko‘p go‘sht yeyaptimi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p go‘sht yeyayotganimiz haqida gap-so‘zlar bolaladi. Lekin mana sakkiz yildan beri bozorda go‘sht sotayotgan bo‘lsam, hecham xalqimizning ko‘p go‘sht yevorayotganini sezmadim. Tuman aholisi odatda faqat payshanba va yakshanba kunlari 200 gramm olardi. Uniyam qurbi yetgani, yetmagani o‘sha kunlariyam tuxum bilan osh damlardi. Shuning uchun ularga suyak qo‘shib bergani iymanardim. Yo‘g‘e demang, men shunchaki ko‘rganim va eslaganimni aytyapman xolos.

Boshqa joyni bilmadim, lekin bizning tuman odamlari hatto go‘shtning farqiga bormaydi. O‘zi 200–300 gramm olsa, son go‘shti beryapsizmi yoki boshqasimi, farqi yo‘q. Indamay olib ketaveradi.

Kamqonligi sabab mol tili yeyishga tavsiya etilgan bemorlarning juda ko‘pchiligi nochorligi uchun asosan tildan o‘n baravar arzon turuvchi mol talog‘ini so‘rab kelardi. Tildan ko‘ra taloqning savdosi chaqqon bo‘lardi. Balki umringizda hech qachon qorataloq yemagandirsiz? Ammo biz taraflarda qon bo‘luvchi qimmat preparatlarga puli yetmaganlar uni arzimagan 5–6 ming so‘mga olib, homilador xotiniga, madorsiz onasiga yoki  chalajon bolasiga pishirib beradi. Odamlar nolimay iste’mol qilaveradi. Chunki ularning boshqa imkoni yo‘q...

Dadamning aytishicha, avvalari uyimizda kuniga o‘ntacha qo‘y, bitta mol so‘yilardikan. Hozir esa bitta so‘yilgan mol o‘n kunlab sotilyapti.

Ancha yillar oldin onamni otamga berishga ko‘naverishmagach, oxiri sovchi tomon «Xo‘p deya qoling, qoqindiq. O‘g‘limiz qassob, qizingizning uyida noni bo‘lmasa ham, yegani go‘shti bo‘ladi» deganlarida, indamay rozilik berishgan ekan. Mana bizning go‘sht masalasidagi haqiqiy ahvolimiz.

Ota kasbimni davom ettiraman

Tumanda ikkita qassobxonamiz bor edi. Bittasini ukamni davolatish uchun sotdik. Ikkinchisi Rishton bozori qayta ta’mirlanayotgani bois buzildi. Ro‘zg‘orni tebratish uchun hozir dadam mol boqib sotyapti. Men universitetda o‘qiyapman. Xudo xohlasa, bitirib, davlat tashkilotlarida ishlash niyatim bor. Lekin kelajakda qanday ishda ishlasam ham qassoblikni tashlab qo‘ymayman. Ertaga uylanib, o‘g‘il farzandli bo‘lsam, unga ham qassoblikni o‘rgataman. Ana’namizni davom ettiraman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Kiritildi: 17:19 20.09.2019. O'qildi: 5171 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!