Prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.
Namangan shahrida profilaktika inspektori tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani haqidagi xabar tarqalgach, viloyat IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro O‘.A. oilaviy nizo sabab ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va shu kuni uyiga qaytishiga ruxsat berilgan.
Biroq, ikki kun o‘tib, 16 avgust kuni fuqaro O‘.A. sog‘ligi yomonlashgani uchun tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.
Vaziyat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergov jarayoni natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’kidlanmoqda.