11 fevral kuni Namangan shahrida davlat raqamisiz bo‘lgan qora Gentra rusumli avtomobil piyodani urib qochib ketgan. Namangan viloyati IIBning ma’lum qilishicha, ushbu transport vositasining haydovchisi qo‘lga olingan.
Xabar qilinishicha, 11 fevral soat 06:40 larda noma’lum shaxs Gentra mashinasida shaharning Amir Temur ko‘chasida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani (1958 y.t.) urib yuborgan. Kuzatuv kamerasidagi yozuvdan ko‘rinadiki, u to‘qnashuvdan so‘ng avval to‘xtagan, so‘ng hodisa joyidan yashiringan.
YHXB piyoda voqea joyida vafot etganini bildirdi.
Namangan viloyati IIB haydovchi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Boshqarma e’lon qilgan videodagi erkak qo‘rqqanidan voqea joyidan qochib ketganini va mashinasini uyda saqlaganini aytdi. U uzr so‘radi va pushaymon ekanini bildirdi. Mashinaning old oynasi singan. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchini topishda yordam bergan aholi va internet foydalanuvchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Ushbu holatni sodir etgan shaxs Namangan shahri hududida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro ekani aniqlangan. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishlik uchun haydovchi va transport vositasi tergov bo‘limiga topshirilgan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida «barcha qora Gentraʼlar jarima maydoniga olib kirilmoqda», degan sarlavha bilan videolar tarqalgandi. Shuningdek, xabarlarda Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan Namanganga borgan qora Gentra’lar ham ushlanib, tekshirish uchun jarima maydoniga olib kirilayotgani aytilgan edi.