O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 661-moddasiga muvofiq, firibgarlik (168-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan) jinoyatini sodir etgan shaxs, o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchilar bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Loyiqbek Sharipov (ism shariflar va joy nomi shartli) Chust tumanidagi “Baxt” mahallasida harbiy hisobni yuritish bo‘yicha mutaxassis lavozimida ishlab kelib, 2022 yil mart oyida aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, fuqaro J.Botirovga o‘zini safarbarlik chaqiruvi rezervi pul badalllarini fuqarolardan yig‘ib yurganligi va qabul qilib olingan badal puli mablag‘larini bank muassasalariga topshirishi haqida yolg‘on aytib, J.Botirovni aldab, unga o‘g‘li O.Aminovni safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati uchun 5.254.000 so‘m miqdorda badal puli to‘lashi lozimligini aytib, J.Botirovdan shuncha miqdordagi pul mablag‘larini olib, ushbu pullardan 3.354.000 so‘mini bank muassasasiga topshirib, qolgan 1.900.000 so‘mlik pul mabag‘larini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, firibgarlik jinoyatini sodir etgan.
Gumon qilinuvchi L.Sharipov sud majlisida, yarashuv to‘g‘risida ariza taqdim qilib, aybiga to‘liq iqror ekanligi, qilmishidan pushaymonligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, hozirda jabrlanuvchi bilan yarashib olganligi haqida ko‘rsatuv berib, jinoyat ishini tugatishni so‘radi.
Jabrlanuvchi J.Botirov sud majlisida yarashuv to‘g‘risidagi ariza taqdim qilib, L.Sharipovga nisbatan uning hech qanday da’vosi yo‘qligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, arizani o‘z xohishi bilan yozganligi, yarashuv sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarni tushunganini aytib, jinoyat ishini tugatishni so‘radi.
Sud, jabrlanuvchi J.Botirov va gumon qilinuvchi L.Sharipovning yarashuv to‘g‘risidagi arizalarini jinoyat ishi hujjatlari bilan o‘rganib, Chust tuman prokurorining jinoyat ishini yarashganlik munosabati bilan tugatish haqidagi fikrini eshitib, gumon qilinuvchi L.Sharipovning aybiga iqrorligi, yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, yarashuv, gumon qilinuvchi va jabrlanuvchining biron-bir tazyiqsiz, o‘z xohishi bilan bo‘layotganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat, mazkur kodeksning 661-moddasiga muvofiq, yarashuvga tushishini inobatga olib, L.Sharipovga nisbatan jinoyat ishini, yarashganlik munosabati bilan tugatishni lozim topdi.
Mirzoxid Hayitov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining sudyasi