Sud Pop tumanida yashovchi fuqaroni o‘ta shafqatsizlik bilan uch nafar qarindoshini, jumladan, ikki nafar voyaga yetmagan bolani o‘ldirishda aybdor deb topdi - ularning har biriga o‘nlab pichoq zarbalari berilgan.
Joriy yilning 7 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida JKning 97-moddasi 2-qismining “a,v,j” bandlari bilan ayblangan M.A.ga oid ish ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, sudlanuvchi M.A. hayotga qarshi jinoyatlar turkumiga kiruvchi javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni ikkidan ortiq shaxsni, aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish jinoyatini quyidagi usul, vaqt va holatlarda sodir etgan.
Jumladan, sudlanuvchi M.A.ning otasi I.A. o‘zining ukasi I.M. bilan avvaldan uy-joy va maishiy nizolar tufayli muntazam janjallashib kelganlar va oqibatda har ikkala oila a’zolarining bir-birlariga nafrati oshib borgan.
Shu bois, I.M. Rossiyaga ishlash uchun ketgan bo‘lishiga qaramasdan, uning oila a’zolari o‘zlari yashab kelayotgan xonadon orqali elektr va gaz tarmog‘iga ulangan M.A. yashab kelayotgan xonadonni, xonadon egalarini ogohlantirmagan holda muntazam gaz va elektr tarmog‘idan o‘zboshimchalik bilan uzib qo‘yib kelganlar.
2024 yil 9 avgust kuni soat 20:00 atrofida o‘zi yashab kelayotgan xonadoniga kelgan M.A. xonadoni amakisi I.M.ning turmush o‘rtog‘i M.R. tomonidan elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilganidan xabar topib, buning uchun o‘ch olish maqsadida M.R. va voyaga yetmagan farzandlarini qasddan o‘ldirishni rejalashtirgan.
Rejaga ko‘ra, shu kuni o‘zi yashab kelayotgan xonadonda ro‘zg‘or uchun foydalaniladigan pichoqni olib, soat 20:30 atrofida qurollangan holda amakisi I.M.ning xonadoniga kirib, dastlab xonadon hovlisida tomorqa tomoniga harakatlanib ketayotgan, I.M.ning 2011 yilda tug‘ilgan 14 yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan M.M.ni orqasidan yugurib yetib olib, uni ojiz ahvolda ekanligini bila turib, qo‘lidagi pichoq bilan hayot uchun muhim a’zosi bo‘lgan bo‘yin qismiga so‘ngra qorin va ko‘krak qismlariga, o‘ta shafqatsizlik bilan ko‘p marotaba sanchib, kesilgan jami 29 marotaba jarohatlar yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yashash xonasi eshigidan uni harakatlarini kuzatib turgan, so‘ng jon saqlash uchun qochayotgan M.R.ni qasddan o‘ldirish maqsadida ortidan yotoqxonasiga qadar quvib yetib olib, qo‘lidagi pichoq yordamida M.R.ning hayoti uchun muhim hisoblangan bo‘yin va ko‘krak qismilariga ko‘plab, sanchilgan, kesilgan jami 42 marotaba jarohatlar yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
M.A. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, uning bu harakatlaridan qo‘rqib, xonadon oshxonasiga kirib yashirinib olgan M.M.ni qasddan o‘ldirish maqsadida, qo‘lidagi pichoq yordamida ichkaridan qulflangan oshxona eshigini ochayotganida pichoq singanligi uchun eshikni tepib ochgan va shu xonada stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘liga olib, M.M.ni qasddan o‘ldirish maqsadida qo‘lidagi pichoq yordamida, o‘ta shafqatsizlik bilan qorin va ko‘krak qismlariga ko‘plab, sanchilgan, kesilgan jami 39 marotaba jarohatlar yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, M.A. jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida M.R.ning “Samsung” rusumli uyali telefon apparatini va shu xonadon oshxonasidan olgan oshxona pichog‘ini tomorqa tomoniga otib yuborib, o‘zi bilan olib kelgan singan pichoqni cho‘ntagiga solib, hodisa joyidan qochib yashiringan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi M.A. JKning 97-moddasi 2-qismining “a,v,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga nisbatan favqulodda jazo chorasi - umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.