Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yoshli qiz o‘z qarindoshi bo‘lgan katta yoshli shaxs tomonidan zo‘rlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1987 yilda tug‘ilgan B.S. 2025 yil 14 oktyabr kuni tog‘asi J.M.ning yashash xonadoniga to‘y marosimiga borgan. U to‘yda tog‘asining 2018 yilda tug‘ilgan nevarasi I.K.ni voyaga yetmaganligidan foydalanib, aldagan holda chetga olib chiqqan. So‘ngra qizaloqning nomusiga tegib, voqea joyidan yashiringan.
Erkak 2 kunlik qidiruvdan so‘ng qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 16 oktyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
B.S. oldin ham nomusga tegish jinoyatini sodir qilib, sudlangani ma’lum bo‘ldi. Xususan, u JIB Namangan tuman sudining 2020 yil 26 fevraldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. JIB Chirchiq shahar sudining 2025 yil 19 fevraldagi ajrimi bilan B.S.ning o‘talmagan 5 yil 1 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.
Bungacha esa JIB Namangan shahar sudining 2014 yil 15 yanvardagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi, 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 2-qismi “a,b,v” bandlari, 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismi “b” bandi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. JIB Ohangaron tuman sudining 2015 yil 16 iyuldagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmay qolgan 3 yil 1 oy 6 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.