Xushu’ qiluvchilar imomi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozda qay holatda turganlarini, u zot ibodatlari qanday bo‘lganini o‘qib-o‘rganish ham insonni xushu’ga undaydi, qalbida g‘ayrat-shijoat o‘tini yoqadi.
Mutarrif otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldilariga borsam namoz o‘qiyotgan ekanlar. Yig‘laganlari uchun ichlaridan xuddi qozonning biqirlashiga o‘xshash ovoz eshitilardi” (Nasoiy, Ahmad rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
Payg‘ambarimiz alayhissalom namozni xushu’ bilan o‘qirdilar. Qiroat vaqtida qalblari erib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilardi. Lekin u zot ovozlarini baland ko‘tarib yig‘lamaganlar. Ko‘zlaridan yosh qalqiganda suv biqirlab qaynashiga o‘xshash ovoz eshitilardi. Rasuli akram ba’zida mayyitga achinganlaridan, ayrim hollarda ummatlarini o‘ylab, gohida Alloh taolodan qo‘rqib, gohida Qur’on eshitib yig‘laganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz naqadar ulug‘ ibodat ekanini yaxshi bilganlar, xushu’-xuzu’ bilan namoz o‘qishni boshqalarga o‘rgatganlar. U zot ta’limlarini olgan sahobalar ichidan namozni qoyilmaqom o‘qiydigan obidlar yetishib chiqqan. Ularning bu salohiyati tobeinlarga, keyin tabaa tobeinlarga meros bo‘lib o‘tgan.
Rivoyat qilinishicha, Ubayd ibn Umayr ismli kishi Oisha onamizga: “Bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘rganingiz eng ajoyib voqeani aytib bering!” dedi. Shunda Oisha onamiz biroz sukut saqlab, keyin: “Tunlarning birida u zot: “Ey Oisha, meni xoli qoldir. Bu kecha Parvardigorimga ibodat qilmoqchiman!” dedilar. Men: “Allohga qasamki, sizga yaqin bo‘lgim keladi. Sizni xursand qiladigan narsadan men ham quvonaman”, dedim. Shunda u zot tahorat olib namoz o‘qishni boshladilar. Yig‘layverganlaridan qo‘ynilari jiqqa ho‘l bo‘lib ketdi. U zot o‘tirgandilar. Yig‘layverganlaridan soqollari ho‘l bo‘ldi. Keyin yana yig‘ladilar. Hatto ko‘z yoshlari yerga to‘kildi. So‘ng Bilol azon aytishga keldi. U zot yum-yum yig‘layotganlarini ko‘rib: “Yo Rasululloh, Alloh barcha gunohlaringizni kechirib yuborgan-ku!..” dedi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Menga bu kecha bir oyat tushdi. Uni o‘qib tafakkur qilmagan (kimsa)ning holiga voy”, deb, “Albatta osmonlar va yerning yaratilishida...” oyatini oxirigacha tilovat qildilar”, deb aytdi” (Ibn Hibbon sahih sanad bilan rivoyat qilgan).
Bu rivoyatga ko‘ra, Nabiy alayhissalom tungi namozda “Oli Imron” surasining “Albatta osmonlar va yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun oyat-alomatlar bordir” oyatini o‘qib, qattiq ko‘z yosh to‘kkanlar.
Avf ibn Molik Ashjaiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan namozga turdim. U zot “Baqara” surasini o‘qidilar. Rahmat oyatidan o‘tsalar, duo qilardilar, azob oyatidan o‘tsalar, panoh so‘rardilar. Keyin qiyomda turgan miqdorda ruku’ qildilar. Ruku’da: “Subhaana zil jabaruvti val malakuvti val kibriyai val azoma”, dedilar. So‘ng qiyomda turgan miqdorda sajda qildilar. Sajdada ham xuddi shunday (duo) o‘qidilar. Keyin turib “Oli Imron”ni qiroat qildilar. Shundan keyin bir sura-bir suradan o‘qidilar” (Abu Dovud, Nasoiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tungi namozda uzun suralarni o‘qirdilar, qiyomda, ruku’da, sajdada juda uzoq turardilar, Allohning rahmati zikr etilgan oyatlardan o‘tsalar, duo-iltijo qilar, azob haqidagi oyatlarni o‘qiganda Allohdan panoh so‘rardilar.
Muslim ibn Mixroqdan rivoyat qilinadi: “Men Oisha roziyallohu anhoga: “Ey mo‘minlar onasi! Ba’zilar Qur’onni bir kechada ikki-uch martadan xatm qilishyapti”, dedim. Shunda u: “O‘sha odamlar Qur’on o‘qishibdi, ammo uqishmabdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi bilan ibodat qilib chiqar, “Baqara”, “Oli Imron”, “Niso” suralarini o‘qirdilar. Agar bashorat berilgan oyatdan o‘tsalar, duoga yuzlanar, umid qilardilar, (azob-uqubatdan) qo‘rqitiladigan oyatdan o‘tsalar, Allohga duo qilib panoh so‘rardilar”, dedi”.
Abu Salama ibn Abdurahmondan rivoyat qilinishicha, u Oisha roziyallohu anhodan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ramazondagi namozlari qanday edi?” deb so‘radi. Oisha: “U zot ramazonda ham, undan boshqa vaqtda ham o‘n bir rakatdan oshirmasdilar. To‘rt rakat namoz o‘qirdilar. Uning chiroyi, uzunligi haqida so‘ramay qo‘yaver. Keyin yana to‘rt rakat o‘qirdilar. Uning ham chiroyi, uzunligi haqida so‘rama. Shundan so‘ng uch rakat o‘qirdilar. Men: “Ey Allohning Rasuli, uxlashingizdan oldin vitr o‘qiysizmi?”, dedim. U zot: “Ey Oisha, albatta mening ikki ko‘zim uxlaydi, biroq qalbim uxlamaydi”, dedilar”, deb aytdi (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyat qilgan).
Ushbu rivoyatga ko‘ra:
1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ramazonda ham, boshqa vaqtlarda ham kechasi o‘n bir rakat namoz o‘qirdilar.
2. U zotning tungi namozlari nihoyatda chiroyli, o‘ta uzun bo‘lgan. Bu haqida so‘rashga, uni vasf etishga hojat yo‘q. Chunki ibodatlari juda go‘zal, mukammal ekani shundoq ko‘rinib turgan.
3. U zot alayhissalom uch rakat vitr o‘qiganlar.
4. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko‘zlari uxlasa ham qalblar doim uyg‘oq bo‘lgan. Bu xususiyat payg‘ambarlargagina xosdir.
Asvaddan rivoyat qilinadi: “Men Oishadan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uylarida qanday yumushlarni bajarardilar?” deb so‘radim. Oisha: “U zot oila a’zolari xizmatida bo‘lar, agar namoz vaqti kirsa, namozga chiqardilar”, dedi” (Buxoriy, Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan).
Muhammad sollallohu alayhi vasallam uy yumushlarida zavjalariga yordamlashardilar. Qachon namoz vaqti kirsa, namozga chiqardilar. Bu hammamizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Uy ishlarida ayollarga ko‘maklashish, ularning ko‘nglini olish Payg‘ambarimiz sunnatlariga muvofiqdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan gaplashardilar. Biz ham u zot bilan suhbatlashardik. Agar namoz vaqti kirsa, u zot bizni, biz esa u zotni tanimaydigandek tuyulardi”.
Namoz mo‘minning asosiy vazifasidir. Namoz paytida har qanday muhim ish ortga suriladi, ibodatdan so‘ng davom ettiriladi. Alloh taolo namozni vaqtida to‘kis ado etadigan kishi qalbiga xotirjamlik, ishiga unum, topganiga baraka beradi.
Ziyovuddin RAHIM,
“Namozda xushu’” kitobidan