Evropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Ukrainani Rossiya bilan urushni tugatish uchun noqulay shartlarga majburlash AQShning manfaatlariga zarar yetkazishini ta’kidladi.
"Muvaffaqiyatsizlikka uchragan Ukraina nafaqat Yevropani, balki AQShni ham zaiflashtiradi," dedi fon der Lyayen.
U bu fikrlarni AQShning Ukrainaga nisbatan siyosati noaniq bo‘lib turgan bir paytda o‘tkazilayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida bildirdi. Payshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa rahbarlari yoki Ukraina bilan maslahatlashmasdan, rossiyalik hamkasbi bilan mojaroni tugatish haqida telefon orqali suhbatlashib, ko‘pchilikni hayratda qoldirgan edi.
Fon der Lyayen Trampni "adolatli tinchlik" yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirdi.
Shuningdek, u Yevropa Ittifoqi mudofaa xarajatlarini keskin oshirishi zarurligini aytib, bunday o‘sishni amalga oshirishning bir usuli sifatida blokning qat’iy qarz qoidalarini yumshatishni taklif qildi.
"Bu a’zo davlatlarga mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi," dedi YEI rahbari.