O‘zbekistonlik vinger Nodirbek Bobomurodov Londonning eng qadimgi hamda dunyoning eng qadimgi jamoalaridan biri bo‘lgan klub safida to‘p suradi. Bu haqda Sports.kz jurnalist Aleksandr Troiskiyning telegram-kanaliga tayangan holda xabar bermoqda.
Bobomurodov Angliya chempionatida kuch jihatidan yettinchi divizionda ishtirok etadigan «Krey Uonderers» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Mazkur klub 1860 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Londondagi eng qadimgi jamoa hisoblanadi. Butun dunyoda undan faqat «Sheffild» klubi ko‘proq tarixga ega.
Nodirbek — Angliya futboli tarbiyalanuvchisi. Faoliyatining asosiy qismini Angliyaning pastki divizionlarida o‘tkazgan. 2023 yili «Surxon» klubida o‘zini sinab ko‘rgan, ammo jamoada mustahkam o‘rin egallay olmagan va yarim yildan so‘ng yana Angliyaga qaytgan. O‘tgan yilning oxirida esa Afg‘onistonning «Attak Enerji» klubi bilan shartnoma imzolab, chempionatda kumush medal sohibi bo‘lgan. Ammo jamoa keyinchalik tarkatib yuborildi.