Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Mutaxassis: Molekulyar-genetik tekshiruvlar orqali kamida 50 turdagi nasliy kasalliklarni oldindan aniqlash mumkin

Mutaxassis: Molekulyar-genetik tekshiruvlar orqali kamida 50 turdagi nasliy kasalliklarni oldindan aniqlash mumkin

🔬 Irsiy kasalliklar — millat genofondiga eng katta tahdidlardan biri. Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori Shahnoza Zufarova nikohlanuvchi yoshlarda molekulyar-genetik tahlillar o‘tkazilishi go‘daklar irsiy kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olishda katta qadam bo‘lishini ta’kidlaydi.

📌 Mutaxassis ayni shu mavzuda SSV Matbuot xizmatiga muhim fikrlarini bildirdi:

— Molekulyar-genetik tahlillar insonlarda gendan genga o‘tib kelayotgan irsiy kasalliklarni aniqlashda qo‘llaniladi. Ularning yurtimizda keng tarqalgan turlaridan biri spinal mushak atrofiyasi (SMA)dir, — deydi Shahnoza Zufarova. — “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalar uchun tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida nikohlanuvchi shaxslar o‘z hisobidan molekulyar-genetik testdan o‘tkazilishi belgilangan.

🗓 Ushbu jarayon 2023 yildan boshlab yo‘lga qo‘yiladi va markazimiz hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy tuzilmalari orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriyasida amalga oshiriladi.

🧪 Nikohlanuvchi shaxslarni molekulyar-genetik testdan, homilador ayollarni molekulyar-genetik diagnostik laborator tekshiruvdan o‘tkazish nikohlanuvchi tomonlardagi irsiy zanjirlarni topish imkonini beradi.

📉 Shu paytgacha nikohdan oldin genetik tekshiruvlardan o‘tish ixtiyoriy edi. Tabiiyki, hamma ham bunga e’tibor beravermagan. Bu esa naslning zaiflashib borishiga sababchi bo‘lib qolishi mumkin.

🔎 Biroq bu xavfni yaxshi anglaydigan yurtdoshlarimiz ham bor. Ular bizga murojaat qilganda zarur genetik tahlillarni olib, natijalariga ko‘ra konsultasiyalar berib kelyapmiz.

✅ Mutaxassislar fikricha, molekulyar-genetik teshkiruvlarni chuqurlashtirish orqali O‘zbekistonda chaqaloqlar kamida 50 turdagi nasliy kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish mumkin ekan.

⚖️ Buni amaliyotga keng tatbiq qilish uchun bizga qonuniy asos kerak edi. Shu huquqiy poydevor yaratilgach, 2023 yildan nikohlanuvchi shaxslarda yalpi genetik tahlillarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Kiritildi: 12:56 01.02.2023. O'qildi: 1974 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!