Buyraklar inson organizmidagi eng muhim tana a’zolaridan. Shu bois unda kuzatiladigan har qanday kichik o‘zgarish butun organizm faoliyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Buyrakda tosh hosil bo‘lishi ana shunday muammolardan biridir.
👨🏻 Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtarov ushbu kasallikning kelib chiqish sabablari, belgilari va davolash usullari haqida batafsil ma’lumot beradi.
🔬 — Kutilmaganda bel sohasining yon boshida qattiq og‘riq paydo bo‘lishi, shu bilan birga, peshobning oz-ozdan va tez-tez, ba’zida esa, og‘riq bilan kelishi – peshob yo‘llarida tosh hosil bo‘lganining asosiy belgilaridan hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Ko‘pchilik bu holatga organizmda modda almashinuvining buzilishi, tuzli ovqatlarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish sabab, deb o‘ylaydi.
🫙 Aslida ushbu kasallik kelib chiqishining bir qancha sabablari mavjud. Misol uchun, yetarli miqdorda suyuqlik qabul qilmaslik, peshob yo‘llaridagi infeksiyalar, peshob miqdorining kamayishi, tarkibida tosh hosil qiluvchi mahsulotlarni me’yoridan ortiq ist’mol qilish tufayli ham xastalik kelib chiqishi mumkin.
🩺 Buyrakdagi tuzlar (kristallar) sog‘lom turmush tarziga rioya qiluvchi insonlarda peshob ajralishi orqali chiqib ketadi. Moddalar almashinuvi buzilishi natijasida kristallar shakllanib, o‘sishni boshlaydi va bir-biri bilan birlashib, toshga aylanadi.
❇️ Bu xastalikning xavfli tomoni shundaki, ba’zida buyrakda hosil bo‘lgan toshlar yillar davomida hech qanday belgilarsiz kattalashishi va buyraklar ish faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Isitma, og‘riqli xurujlar bilan kechadigan turli o‘tkir kasalliklardan farqli ravishda surunkali buyrak xastaliklari insonni ko‘p ham bezovta qilmaydi. Shu bois aksariyat bemorlar o‘tkinchi og‘riq deb uni e’tiborsiz qoldiradi. Toshlar kattalashib, asoratlar yuz bergandan keyingina shifokorga murojat qiladi. Bu esa davolanish jarayonining og‘ir va uzoq davom etishiga olib keladi.
🖇 Kasallikning ilk belgilarida peshobning rangi qizg‘ish, xiralashgan tusga kirishi mumkin. Tosh peshob yo‘lini to‘sib qo‘ysa, bemorda “buyrak sanchig‘i” kuzatiladi. Bu, qorin sohasining deyarli yarmini qamrab olgan o‘ta kuchli og‘riq ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
🤒 Bemorlarda tana harorati oshishi, muzdek ter chiqishi, sovqotib qaltirashi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, ayrim hollarda qayt qilish kabi belgilarning kuzatilishi, kasallikni asoratli kechayotganidan darak beradi.
‼️ Ayni paytda buyrakdagi toshdan jarrohlik amaliyotisiz ham qutilish mumkin. Buning bir qancha zamonaviy usullari mavjud.
💊 Buning uchun tosh o‘lchami va turidan kelib chiqib dorilar yordamida davolash, tig‘ tekkizmasdan masofadan maydalash, kam invaziv endoskopik yo‘l bilan olish, katta toshlarda esa (3-5 foiz hollarda) an’anaviy jarrohlik muolajasini qo‘llash amalga oshiriladi. Davolash usuli kasallik darajasi hamda bemorning umumiy ahvolidan kelib chiqib tanlanadi.
🫙Tosh hosil bo‘lishini oldini olishning eng samarali yo‘li yetarli miqdorda suyuqlik (qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa) iste’mol qilish orqali kunlik peshob miqdorini 1,5 litrdan oshirishdir. (https://telegra.ph/file/7896069eef7b9bd2c1b2e.png)