Bugun 4 aprel, 2026 yil, shanba

КИР

Musiqiy tanlovlar yangi asarlar yaratishga, iqtidorli yoshlarni aniqlashga yordam beradi

A A A
Musiqiy tanlovlar yangi asarlar yaratishga, iqtidorli yoshlarni aniqlashga yordam beradi

Musiqa inson tasavvur doirasini kengaytirishdan tashqari uning sog‘lig‘iga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Misol uchun, baraban qon aylanishini yaxshilasa, saksofon insondagi ishtiyoqni kuchaytirar ekan. Skripkaning esa kayfiyatni ko‘tarib, fortepianoning organizmda moddalar almashinuvini yaxshilashga hissa qo‘shishini germaniyalik olimlar izlanishlari davomida aniqlagan.

Musiqaning ayniqsa, bola xotirasini mustahkamlash, uning fikrlash doirasini kengaytirishda ahamiyati katta. Yurtimiz yoshlarining musiqiy iqtidorini shakllantirish maqsadida bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyat yuritib keladi. Bunday maktablarda san’atga oshno bo‘lgan yoshlar tahsil olib, musiqiy savodxonliklarini oshirib boradi.

Respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan ana shunday bolalar musiqa va san’at maktablari hamda ixtisoslashtirilgan musiqa akademik liseylari o‘rtasida «San’at g‘unchalari» damli va zarbli cholg‘u ijrochilarining XXV – respublika tanlovining final bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tanlov oldidan dastavval «Yangi O‘zbekiston yoshlarini tarbiyalashda musiqa ta’limining maqsad va vazifalari» mavzusida V-respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

1998 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan ushbu tanlovning bu yilgi hududiy saralash bosqichida 515 nafar o‘quvchi qatnashgan bo‘lsa, shundan respublika bosqichida 132 nafari ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi. Ishtirokchilarning ijodiy ijro mahoratini har bir yo‘nalish bo‘yicha hakamlar hay’ati oqilona baholab bordi.

– Ushbu tanlovda har yili bir yangilik bo‘ladi, yangi asarlar, iqtidorlar, laureatlar aniqlanadi, – deydi O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev. – Bu yilgi tanlovga estrada yo‘nalishi ham qo‘shildi. Estrada asboblarini chaluvchi yoshlar ham bellashib, laureat bo‘lishdi. Tanlov laureatlari nihoyatda murakkab asarlarni ham mahorat bilan chalishlarini isbotlashdi.

Taqdirlash marosimi Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tdi. Marosimda 69 nafar ishtirokchi birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rin g‘oliblari bo‘lgani e’lon qilindi. G‘olib ishtirokchilar diplom, esdalik statuetkalari hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tanlovning yopilish marosimiga bag‘ishlangan konsert dasturida respublika va xalqaro tanlovlar laureatlari va Harbiy musiqa akademik liseyining damli va zarbli cholg‘ular orkestri tomonidan qo‘shiqlar ijro etildi.

Konsert so‘ngida yosh musiqa ijrochilarga cholg‘u asboblari sovg‘a qilindi.

Kiritildi: 15:10 01.04.2024. O'qildi: 1285 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!