Bugun 23 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Living Lab” va “Fab Lab” innovasion hududlari tashkil etildi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Living Lab” va “Fab Lab” innovasion hududlari tashkil etildi

2024-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan “Muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida qator innovasion tashabbuslar amalga oshirildi.

Jumladan, universitetda ilg‘or “Living Lab” va Oliy muhandislik maktabi tarkibidagi “Fab Lab” innovasion hududlari tashkil etildi. Ushbu majmualar talaba-yoshlar va tadqiqotchilar uchun amaliy loyihalarni ishlab chiqish, ularni sinovdan o‘tkazish hamda xalqaro tajriba asosida ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, shuningdek, dunyoning nufuzli akkreditasiya tashkilotlari — AQShning ABET (Accreditation Board for Engineering and Technology, Inc.) va Germaniyaning ASIIN (Accreditation Agency for Degree Programs in Engineering, Informatics, Natural Sciences and Mathematics) tomonidan xalqaro akkreditasiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Yangi laboratoriya majmuasi raqamli ishlab chiqarish ustaxonalari, 3D-printerlar, lazer kesgichlar, CNC mashinalari kabi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, sun’iy intellekt, IoT, 3D modellashtirish, VR/AR, mobil va veb-ilovalar yo‘nalishlarida ishlash imkonini beruvchi 30 dan ortiq ilg‘or ilmiy laboratoriyalarni o‘z ichiga oladi.

Majmua quyidagi asosiy zonalardan iborat:

  • CNC laboratoriyasi – raqamli ishlab chiqarish markazi;

  • Media va dizayn laboratoriyasi – video kontent ishlab chiqarish va grafik dizayn ustaxonasi;

  • IoT va o‘rnatilgan tizimlar laboratoriyasi – aqlli qurilmalar va robot prototiplarini ishlab chiqish maydoni;

  • Energiya resurslari laboratoriyasi – barqaror energiya va samaradorlik bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;

  • Kvant va fizika laboratoriyalari – zamonaviy optik va o‘lchash uskunalari asosida ilmiy izlanishlar olib borish;

  • Huawei laboratoriyasi – tarmoq texnologiyalari va telekommunikasiya bo‘yicha maxsus markaz.

Shuningdek, laboratoriya majmuasi:

  • Talabalar uchun sinov maydoni;

  • Aqlli texnologiyalar bo‘yicha interaktiv ta’lim markazi;

  • Tashrif buyuruvchilar uchun ko‘rgazmalar hududi;

  • Birgalikda ishlash va ochiq muzokaralar zonasini ham o‘z ichiga oladi.

Majmua orqali quyidagi fanlar bo‘yicha amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim yo‘lga qo‘yilgan:

  • Muhandislik: robototexnika, mexatronika, CAD/CAM dizayni, o‘rnatilgan tizimlar;

  • IT: tarmoq texnologiyalari, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, bulutli hisoblash;

  • IoT: aqlli qurilmalar va sensor tarmoqlari;

  • Media: raqamli ishlab chiqarish, grafik dizayn;

  • Amaliy fanlar: kvant informatika, fizika, energiya texnologiyalari.

Majmua “g‘oya → prototip → sinov → tayyor mahsulot” siklini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu orqali:

Universitet uchun:

  • Iste’dodli yoshlar va ilg‘or tadqiqotlarni jalb qilish markazi shakllantiriladi;

  • Huawei va KOICA kabi xalqaro hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlanadi;

  • Ishlanmalarni tijoratlashtirish imkoniyatlari kengayadi.

O‘zbekiston Respublikasi uchun:

  • Raqobatbardosh, yuqori malakali muhandislar va dasturchilar tayyorlanadi;

  • Mahalliy yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarilishi orqali import o‘rnini bosish va eksport hajmi oshiriladi;

  • Yurtimiz IT va muhandislik sohalarida mintaqaviy yetakchiga aylanish yo‘lida muhim qadamlar tashlanadi.

Shu tariqa, tashkil etilgan laboratoriya majmuasi shunchaki binolar to‘plami emas, balki ta’lim, fan va real iqtisodiyot o‘rtasidagi chegaralarni yo‘q qilgan, zamonaviy “Living Laboratory” konsepsiyasini amalda aks ettiruvchi flagman loyihadir. U nafaqat talabalar, balki butun O‘zbekistonning texnologik taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ilg‘or kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan.

Kiritildi: 10:51 22.10.2025. O'qildi: 498 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!