«Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo Portugaliya chempionati doirasidagi «Braga»ga qarshi o‘yindan (2:2) so‘ng o‘z kelajagi borasida qachon aniq javob berishini ma’lum qildi.
Avvalroq mutaxassis «Real» boshqaruvini qo‘lga olishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
— 1 mart kuni qolmoqchi ekaningizni aytgandingiz. Shu voqealardan keyin hozir shartnoma imzolagan bo‘larmidingiz?
— Yo‘q. Chunki 1 mart — bu 1 mart. Chempionatning so‘nggi haftasi esa kelajak yoki shartnomalar haqida o‘ylaydigan payt emas. Hozir biz o‘z missiyamiz, ya’ni «mo‘’jiza» yaratish haqida qayg‘urishimiz kerak. Menimcha, mo‘’jiza deganda nimani nazarda tutayotganimni tushunib turibsiz.
Mavsumning hal qiluvchi pallasiga kirganimizdan beri hech kimni eshitmaslikka qaror qildim.
Oldimizda hali «Eshtoril»ga qarshi o‘yin bor. Dushanba kunidan boshlab esa ham o‘zimning, ham «Benfika»ning kelajagi borasidagi savollarga javob bera olaman, — dedi Mourinyo.
Hozirda «Benfika» Portugaliya chempionati turnir jadvalida 3-o‘rinda bormoqda va Chempionlar ligasi saralashi yo‘llanmasini beruvchi 2-o‘rin (hozirda u yerda «Sporting» bor) uchun imkoniyatni saqlab qolgan. So‘nggi tur oldidan «Sporting» ikki ochkolik ustunlikka ega.