Belgilangan tartibga ko‘ra, o‘qishni nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliygohiga ko‘chirib o‘tkazishda talaba o‘qigan fanlar va ko‘chirayotgan yo‘nalishidagi fanlar orasidagi farq to‘rttadan ortiq bo‘lmasa, hech qanday to‘lovsiz, imtihon asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzovaning ma’lum qilishicha, mavjud qonunchilikka asosan mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish uchun talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Bunda, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan, test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.
Test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha o‘tish ballari har yili 15 iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
O‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan (ya’ni noturdosh) ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdori har yili Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi va u yo‘nalishga qarab bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 8 baravaridan 25 baravarigacha bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda, o‘qishni ko‘chirish jarayonida namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar to‘rttadan oshganda fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi beriladi yoki GPA o‘tish balini to‘play olmagan talaba sifatida qayta o‘qish uchun tegishli kursda qoldirish taklifi beriladi. Bunda kursdan kursga qolgan talabalar faqat qarzdor bo‘lgan fanlarni o‘zlashtirib, ularga mos ravishda shartnoma mablag‘larini to‘laydi.