Moldova provayderlari VGTRK, RT va boshqa bir qator davlat ommaviy axborot vositalarining veb-saytlarini «darhol bloklash» buyrug‘ini oldi.
Moldova Xavfsizlik va axborot xizmati (XAX) Rossiya ommaviy axborot vositalarining 22 internet saytiga kirishni cheklashga qaror qildi.
XAX kirishni to‘sib qo‘yishga sabab «harbiy mojaroda bo‘lgan va tajovuzkor davlat sifatida tan olingan mamlakatning davlat organlaridan chiqqan» ma’lumotlarning ushbu manbalar tomonidan tarqatilishi ekanini ta’kidladi.
Idora allaqachon Moldova provayderlariga VGTRK, NTV, RT, Birinchi kanal, TVS, Ren-TV va Rossiyaning boshqa bir qator davlat ommaviy axborot vositalari veb-saytlarini «darhol bloklash» to‘g‘risida buyruq yuborgan.
2023 yilning bahorida Moldovada Sputnik agentligining 5 ta veb-saytiga kirish taqiqlangandi. U noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda ayblangan.