Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Mojaro: xonanda Sanjayning ishi nega hamon sudda ko‘rilmayapti?

Mojaro: xonanda Sanjayning ishi nega hamon sudda ko‘rilmayapti?

Hozirgi kunda mualliflar, intellektual mulk ob’ektlari huquq egalarining huquqlarini tom ma’noda himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirila boshlandi hamda mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish dolzarb masalalaridan biriga aylandi.

2020 yil 12 oktyabr kuni Davlatimiz rahbari huzurida intellektual mulk ob’ektlari muhofaza qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishda hamda 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida intellektual mulk sohasini rivojlantirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, soha bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, sohaga xalqaro tajribani keng tadbiq etish lozimligi qayd etilib, barcha davlat organlari va idoralarining sohani rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlari aniq belgilab berildi.

Intellektual mulkni, shu jumladan mualliflik huquqini odil sudlovni ta’minlamasdan huquqiy himoya qilib bo‘lmasligi va oldinlari bu soha bo‘yicha sud ishlari deyarli ko‘rib chiqilmaganligi inobatga olingan holda intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha sud organlari xodimlarining malakasini oshirish uchun ularni o‘qitish lozimligiga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi mualliflar, ijodkorlar, ixtirochilar va boshqa huquq egalarining huquqlarini himoya qilishda sud organlarining alohida o‘rni bor. Odil sudlovni ta’minlanayotganligi, sudlarning bu boradagi ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilayotganligi intellektual mulk ob’ektlarining himoyasi, intellektual mulkka bo‘lgan hurmatning o‘sishiga, o‘z navbatida mamlakatning investisiyaviy jozibadorligi yaxshilanishiga hamda xorijiy investorlarning respublikamizga kirib kelishiga qulay muhit yaratilishiga zamin yaratmoqda.

Agentlik tomonidan 2020 yil va 2021 yil yanvar, fevral oylari davomida 50 ga yaqin ma’muriy ish materiallari tegishli tuman (shahar) ma’muriy sudlar va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlariga kiritilgan.

Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent shahri va boshqa viloyat ma’muriy va jinoyat sudlari Agentlik tomonidan kiritilgan ish materiallarni tez fursatlarda ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilmoqda.

Xususan, xonanda Aziziddin Akmalov (Nasafiy) tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holati bo‘yicha ish materiallari sud tomonidan
15 kunda hal etilgan bo‘lsa, huddi shunday xonanda Doston Ergashevga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy ish materiallari ham tezkorlik bilan hal etilgan va ma’muriy jazo choralari tayinlangan.

Shu kunlarda, to‘rtinchi hokimiyat vakillari hisoblangan ommaviy axborot vositalari va blogerlarning jonbozligi tufayli mualliflarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda Agentlik tomonidan Sanjay nomi bilan ijod qilayotgan Sanjar Djavberdiyevga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma xonanda Nasafiydan oldinroq tuzilganligi xamda unga allaqachon ma’muriy jazo tayinlangan bo‘lishiga qaramasdan Sanjayga nega mualliflik huquqini buzgani uchun tegishli sud tomonidan boshqalar kabi ma’muriy javobgarlik chorasini ko‘rilmayapti?, qonunlar barchaga teng ishlashi kerak emasmi, ishlarni ko‘rishda ikki xil qarash mavjudmi, degan e’tirozlar yuzaga kelmoqda.

Holat bo‘yicha 2020 yil 26 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Sanjar Djavberdiyev (Sanjay)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (MJtK) 177(1)-moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun Navoiy shahar ma’muriy sudiga yuborilgan.

Agentlik tomonidan MJtKda belgilangan tartiblar asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va jabrlanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona markazlashtirilgan axborot tizimi orqali kiritilgan, ammo Navoiy shahar ma’muriy sudi tomonidan 2020 yil 25 dekabr kuni ma’muriy ish materiallari huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (Yolg‘on guvohlik berish) va 240-moddasi (Jinoyat prosessini yuritish qatnashchilarining o‘z zimmasidagi vazifani bajarishdan bo‘yin tovlashi) moddalari talablari tushuntirilmagan degan vaj bilan qo‘shimcha surishtiruv o‘tkazish uchun MJtKning 303-moddasi bilan Agentlikka oddiy bir xat bilan qaytarilgan. Xolbuki, MJtKda huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238-240-moddalari talablarini tushuntirish lozimligi belgilanmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 35-son qarorining 4-bandiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ma’muriy ishni qaytarish to‘g‘risida ajrim asosida qaytarilishi lozimligi belgilangan.

Agentlik tomonidan 2021 yil yanvar va fevral oyi davomida bir necha bor ushbu ish materiallarini Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudiga yuborilgan bo‘lishiga qaramasdan sud tomonidan asosiz qabul qilinmasdan kelingan. Sud vakillari tomonidan ma’muriy ish materiallari tushlikka qadar bo‘lgan vaqtda (soat 13:00 ga qadar) qabul qilinishi aytilgan bo‘lsada, sudga ma’muriy ish materillari tushlikka qadar olib borilganda ham ish hujjatlari qabul qilinmasdan qaytarilgan. Hujjatlar keyingi kuni olib borilganda ham huddi shunday holat kuzatilgan.

Agentlik yuqorida keltirilgan holatlar bo‘yicha Navoiy shahar ma’muriy va jinoyat sudlari xodimlarining hatti-xarakatlariga baho berishdan yiroq va bu Agentlik vakolatiga kirmaydi. Shu sababli Agentlik tomonidan Sanjar Djavberdiyev (Sanjay)ning ishi nima sababdan 3 oydan buyon qabul qilinmaganligi va o‘z vaqtida ko‘rib chilmaganligi holati bo‘yicha sud organlari faoliyatiga baho beruvchi tegishli organlarga batafsil ma’lumotlar tayyorlanmoqda va bu ma’lumotlar albatta ularga taqdim etiladi.

Shu o‘rinda, Agentlik har doim intellektual mulk sohasida jamoatchilik nazoratining kuchayishini qo‘llab quvvatlaydi, albatta bu o‘z navbatida bu sohaning rivojlanishida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Dilfuza Ismoilova,

Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati xodimi

Kiritildi: 19:21 23.02.2021. O'qildi: 3015 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!