Misr urushdan keyingi G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash va tartibni saqlash uchun besh ming nafar falastinlik polisiyachini tayyorlay boshladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, AFP xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 500 kishidan iborat dastlabki guruh mart oyida Qohirada bo‘lib, tayyorgarlikdan o‘tgan. Sentyabr oyidan esa ikki oylik kurslar yo‘lga qo‘yilgan. AFP manbasiga ko‘ra, mazkur tuzilma tarkibiga faqat g‘azoliklar olinadi. Ularning maoshini G‘arbiy Sohilning Ramolloh shahrida joylashgan Falastin ma’muriyati to‘laydi
“O‘quv jarayonlaridan juda mamnunmiz. Urush va tajovuzning to‘xtashini istaymiz, mamlakatimizga xizmat qilishga tayyormiz,” dedi 26 yoshli falastinlik polisiyachi.
Avvalroq Qohira vositachiligida o‘tgan muzokaralarda HAMAS va Falastin ma’muriyati 10 ming nafar polisiyachidan iborat umumiy xavfsizlik tuzilmasi tashkil etishga kelishib olgani xabar qilingan edi.