Bugun 24 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Mino vodiysida 2 million ziyoratchi yig‘ildi

Mino vodiysida 2 million ziyoratchi yig‘ildi

Bugun, Zulhijja oyining sakkizinchi – Tarviya kunida ko‘plab ziyoratchilar haj ibodatining asosiy amallarini bajarish uchun Mino vodiysiga yo‘l oldi. Bu haqda "IslamNews" xabar berdi.

Qayd etilishicha, odamlarni tashish uchun 12 000 ga yaqin avtobus ajratilgan. Ziyoratchilar shanba – hajning ikkinchi kuni Arafat tog‘iga yig‘ilishadi. Arafatda duolar ijobat bo‘lishi ta’kidlangani uchun unda "Rahmat tog‘i"ga yuzlanib Alloh Taologa yolborish, tavba-tazarrular qilish, rahmat-mag‘firat so‘rash sunnat amallardandir.

Shu bois ham ziyoratchilar hajning eng yuqori nuqtasi bo‘lgan Arafat tog‘ida turishga tayyorgarlik ko‘rishayotganda o‘zlarini imon va taqvodorlik bilan to‘yintiradilar. Shu kuni ular ibodatga sho‘ng‘iydi.

Makka va Muzdalifa o‘rtasida joylashgan Mino vodiysi musulmonlar uchun muhim ahamiyatga ega joy hisoblanadi. Tarixchilarning fikricha, vodiy nomi arabcha "amna" so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, "qon to‘kish" ma’nosini anglatadi. Mutaxassislar buni vodiyda qurbonlik qilingan hayvonlarning ko‘pligi bilan ham izohlashadi. Bundan tashqari, Minoda Ibrohim payg‘ambar iblisga tosh otgan. Minodagi Jamarotga yaqin katta masjid – Masjidul Xayfda Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarimiz o‘zlarining xayrlashuv va’zlarini o‘qiganlar.

Ayni paytda Saudiya Arabistoni ziyoratchilarni qabul qilish uchun keng ko‘lamli chora-tadbirlarni ko‘rgani aytilmoqda. Jumladan, shifoxonalar, ko‘p qavatli turar-joy binolari va ziyoratchilarni muqaddas joylar o‘rtasida tez olib o‘tadigan temir yo‘l liniyasi xizmatga shay holga keltirilgan. Bu yil jami 2 millionga yaqin ziyoratchi haj safariga yo‘l olgan.

Ma’lumot uchun, Joriy yilda tarviya kuni 14 iyunga, arafa 15 iyunga va qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyunga to‘g‘ri keladi. Tarviya kuni ro‘za tutish juda fazilatlidir. Tarviya deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar Zamzam suvidan qonib-qonib ichishlaridir. Tarviya tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim (alayhissalom) tushlarida o‘g‘illari Ismoilni (alayhissalom) qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy, deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘ychan holda o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kunga Tarviya (tafakkur) deyiladi. Arafa kechasi “Senga buyurilgan narsani ado et!” amri berilgach, bu tushning rahmoniy ekanini anglab yetadilar. Shuning uchun ham mazkur kun “arafa” (bilmoq) deb ataldi.

Kiritildi: 23:40 14.06.2024. O'qildi: 1237 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!