Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda qonuniylik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda Milliy gvardiyaning boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlar bilan hamkorligi tobora kengayib bormoqda.
2017 yilda tashkil etilgan Milliy gvardiyaning huquqiy maqomi 2020 yilda alohida qonun bilan mustahkamlandi. Keyingi yillarda esa uning faoliyatiga oid 20 dan ortiq qonun hamda 70 dan ortiq farmon va qaror qabul qilinib, yangi vazifa va vakolatlar belgilandi.
Shu bilan birga, amaliyotda to‘plangan tajriba Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, takrorlanuvchi normalarni bartaraf etish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish zaruratini yuzaga keltirdi.
Ushbu Qonun ana shu maqsadlarga qaratilgan.
Qonun bilan, avvalo, Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari qayta tizimlashtirilmoqda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash, qo‘riqlash faoliyati bilan bog‘liq vazifalar birlashtirilib, ommaviy tartibsizliklarga chek qo‘yish bo‘yicha yangi vazifa belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat ob’ektlari, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar, boshqa ob’ektlar hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash bilan bog‘liq vazifalar amaldagi qonunchilikda belgilangan vakolatlardan kelib chiqib optimallashtirilmoqda.
Qonunning muhim jihatlaridan yana biri Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibi aniq belgilab berilayotganidir.
Endilikda harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimi, harbiy unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat qilishining sababi va maqsadini tushuntirishi, fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shartligi belgilanmoqda.
Yana bir muhim yangilik jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy maxsus vositalardan foydalanish bo‘yicha Milliy gvardiyaning huquqlari qonunchilikda aniqlashtirilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu o‘zgartishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini aniqlashtirish, ularni amaldagi funksiyalarga moslashtirish, fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng senatorlar Qonunni ma’qulladi.