Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikadagi erkaklarni uzun soqol va kalta shim kiyishni yoshlar ergashayotgan modaga aylantirmaslikka chaqirdi. U bu haqda mintaqa kuch ishlatar tuzilmalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda gapirdi.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Chechenistonda juda uzun soqol qo‘ygan, biroq jamoat bo‘lib o‘qiladigan juma namozlariga va masjidlarga bormaydigan, vaqtini asosan ko‘chada bekor o‘tkazadigan erkaklar bor.
«Ular uzun soqol va shimlarni yuqoridan qayirib kiyishni tushunarsiz modaga aylantirib qo‘yishdi, yosh avlod esa ularga taqlid qila boshlamoqda. Ularga murojaat qilaman: soqollaringizni qisqartiring va uni din talablariga muvofiq tarzda saqlang», — dedi respublika rahbari.
Qodirov ayollar kiyinishidagi o‘zgarishlarga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, ayrim ayollar butun tanasini yopadigan kiyimlar kiyishni boshlagan va uning fikricha, Chechenistonga xos bo‘lmagan uslubga ergashmoqda.
«Ularni ham islom talablariga muvofiq kiyinishga, arabcha kiyinish uslubiga taqlid qilmaslikka chaqirish kerak. Bizda paranja hech qachon kiyilmagan», — deya qo‘shimcha qildi u.